2023 yil 1 fevraldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o`zgarishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.
Advokatlik orderlari elektronlashtiriladi
Advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatlarga muayyan ishni olib borish uchun beriladigan an`anaviy shakldagi order maqomiga teng bo`lgan maxsus QR-kod qo`yilgan «Elektron advokatlik orderi» beriladi. Shuningdek:
ushbu order haqidagi ma`lumotni «Yuridik yordam» axborot tizimiga kiritish majburiy hisoblanadi;
advokat so`rovi shakliga qo`yilgan talablar, shu jumladan, unga orderning ko`chirma nusxasini ilova qilish, orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilinadi.
Ayrim tadbirkorlik sub`ektlari Savdo-sanoat palatasining a`zolik badallaridan ozod qilinadi
Mikro, kichik va o`rta tadbirkorlik sub`ektlari Palata a`zoligiga, a`zolik va kirish badallaridan ozod qilingan holda, tekin qabul qilinadi hamda qonunda nazarda tutilgan a`zolik bilan bog`liq Palata xizmatlaridan to`laqonli foydalanish huquqiga ega, Palata tomonidan ko`rsatilishi mumkin bo`lgan qo`shimcha pullik xizmatlar bundan mustasno.
Qimmatbaho metallarni sotuvchi YaTTlarga bank kafolati taqdim etiladi
Qimmatbaho metallarni tovar-xomashyo birjasi orqali kechiktirib to`lash sharti bilan sotganda:
sotib olingan qimmatbaho metallar uchun to`lov majburiyatlarini «O`zmilliybank» AJning kafolati bilan bir qatorda boshqa banklarning kafolatlari hamda tegishli tashkilotning kafilligi bilan ham ta`minlashga;
bank kafolatini zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi YaTTlarga ham berishga;
to`lov majburiyatlarini ta`minlash maqsadida beriladigan bank kafolati bo`yicha xizmat haqini taraflarning kelishuviga asosan qat`iy miqdordagi summada belgilashga ruxsat etiladi.






