Hindistonda Dori vositalari standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti xodimlari, shuningdek, Uttar-Pradesh dori vositalari aylanmasini nazorat qiluvchi boshqarma mutaxassislari Noida shahrida joylashgan “Marion Biotech” zavodini tekshirishni yakunladi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.
NDTV telekanali xabariga ko`ra, tekshiruv 30 dekabrga o`tar kechasi nihoyasiga etgan. Uning natijasida rasmiylar farmasevtika kompaniyasi zavodida dori vositalari ishlab chiqarishni butunlay to`xtatishni talab qilgan.
Telekanal xabariga ko`ra, zavod mahsulotning sifat standartlariga muvofiq uzluksiz ishlab chiqarilishi va nazorat qilinishini ta`minlash nuqtai nazaridan ishlab chiqarish amaliyoti talablaridan chetga chiqqani qayd etilgan.
Hindiston sog`liqni saqlash vaziri Mansux Mandavia tekshiruv yakunlanganini tasdiqladi.
“Dok1 Max” siropining tarkibi buzilgani haqidagi xabarlar tufayli o`tkazilgan inspektorlar tekshiruvi yakunlandi va “Marion Biotech” kompaniyasining Noida shahridagi barcha ishlab chiqarish faoliyati kecha tunda to`xtatildi. Tergov davom etmoqda”, — dedi u.






