AsosiyJamiyat

⚡️Endi advokatlar QQS to`lamaydi

'⚡️Endi advokatlar QQS to`lamaydi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27 dekabr kuni bo`lib o`tgan majlisida deputatlar tomonidan "Soliq va byudjet siyosatining 2023 yilga mo`ljallangan asosiy yo`nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Hujjatga ko`ra, Soliq kodeksining 70-bobini (Advokatlar hay`atlariga, advokatlik firmalariga, advokatlik byurolariga va advokatlarga soliq solishning o`ziga xos xususiyatlari) chiqarib tashlash yo`li bilan advokatlik tuzilmalarini qo`shimcha qiymat solig`i to`lovchilariga aylantirish nazarda tutilgan.

Deputatlar advokatlarning QQS to`lovchilariga aylanishi ular tomonidan ko`rsatiladigan yuridik yordamning qiymati oshirilishiga, fuqarolar va yuridik shaxslarning malakali yuridik yordamni olish imkoniyati pasayishiga sabab bo`lishini ta`kidladi.

Xalq vakillari qonunga kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalar advokatlar faoliyatiga salbiy ta`sir qilishi mumkinligini aytib, uni chiqarib tashlash taklifini ilgari surishdi.

Quyi palatada uzoq davom etgan tortishuvlar, savol-javoblar va baxs-munozaralardan so`ng, deputatlar taklifi bilan Soliq kodeksining 70-bobi chiqarib tashlanmaydigan bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar