Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi ayolning shaxsiy suratlarini tarqatish bilan qo`rqitgan erkak daliliy ashyolar bilan ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, ayol Telegram orqali G`iyos ismli shaxs bilan tanishgan. Oradan biroz vaqt o`tib ushbu shaxs ayolning unga yuborgan surat va videolarini internet tarmoqlarida tarqatib yuborish bilan qo`rqitib, undan surat va videolarni tarqatmaslik evaziga 5 million so`m talab qilib kelgan.
Ushbu holat yuzasidan viloyat IIBB Jinoyat qidiruv bo`limi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda 1995 yilda tug`ilgan G`.X. (Qoraqalpog`iston Respublikasida yashovchi) ayoldan kelishilgan pulning 200 AQSh dollarini tovlamachilik yo`li bilan olayotgan vaqtida qo`lga olingan.
Ushlangan shaxsning qo`l telefoni o`rnatilgan tartibda tekshiruvdan o`tkazilganda, u yuqoridagi holat kabi, yana o`nga yaqin ayollar surat va videolari borligi va bu kabi ish bilan muntazam shug`ullanib kelganligi gumonlangan.
Hozirda holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






