AsosiyJamiyat

“Biz borini yo`qlikka mahkum etyapmiz”. Madaniyat vazirligi do`konga aylantirilgan tarixiy binoga munosabat bildirdi

'“Biz borini yo`qlikka mahkum etyapmiz”. Madaniyat vazirligi do`konga aylantirilgan tarixiy binoga munosabat bildirdi'ning rasmi

Birov avval ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati “Bekobod sement AJ”ga qarashli bo`lgan “Bekobod sement madaniyat uyi” binosining tashqi ko`rinishi o`zgartirilgani muhokama qilingani haqda xabar bergan edik. 

Shuningdek, holatga Madaniy meros agentligi ushbu bino madaniy meros ob`ekti sifatida qayd etilmaganini ma`lum qilgan edi

Madaniyat vazirligi ham holatga munosabat bildirdi:

"Garchi madaniy meros obekti sifatida qayd etilmagan bo`lsa-da, o`z tarixiga, o`ziga xos arxitekturaga ega ushbu inshootga bunday munosabat har qanday kishi dilini xira qilishi turgan gap.

Balki tashabbuskorlar bino qarovsiz holda bo`lganini, shuning uchun ham uni tadbirkor ta`mirlab, aholiga savdo xizmati ko`rsatish maqsadida ijaraga olganini, obektdan unumli foydalanish nuqtai nazaridan bajarilgan ish to`g`ri, deya o`zlarini oqlashar. Lekin nima uchun bu sa`y-harakat inshootning asl holatini yo`q qilish evaziga bo`lishi kerak? Nahotki shunday o`ziga xos me`moriy qiyofani saqlab qolish haqida hech kim qayg`urmagan bo`lsa?! 

Yoki shunday ezgu tashabbusni bevosita madaniyat rivojiga hissa qo`shishga yo`naltirsa bo`lmasmidi?! Ya`ni binoni tadbirkorlar ko`magi bilan mahalliy aholiga namunali madaniyat xizmati ko`rsatadigan zamonaviy maskanga aylantirish ham mumkin ediku?! Ushbu maqsad ham, shubhasiz, odamlarni mamnun etgan bo`lardi.         

Shu kabi holatlar tarixga qayta va qayta murojaat qilishga undaydi. Buyuk Sohibqiron Turon o`lkalarida vaziyat qanday bo`lishidan qat`i nazar, xalq madaniyati, ma`naviyati rivoji uchun xizmat qiladigan bino va inshootlarni barpo etishni hech qachon e`tibordan chetda qoldirmagan.

Biz-chi? Gohida borini yo`qlikka mahkum etyapmiz. Qaysidir ma`noda o`tmishdan andoza olishni unutdik, nazarimizda.

Nima bo`lganda ham Madaniyat uylari xalq madaniyati, ma`naviyati rivojiga xizmat qiladigan, yosh iste`dodlarni tarbiyalaydigan maskan bo`lib qolgani maqsadga muvofiq. Bu tushuncha odamlar ongu tafakkuriga chuqur singishiga erishmagunimizcha shunday salbiy holatlar yuz beraveradi" deyiladi vazirlik munosabatida.
 

    Boshqa yangiliklar