2022 yil 3 noyabr kuni Samarqand tumani “Jarqishloq” mahallasida yashovchi 1996 yilda tug`ilgan Q.A. qaynonasi bilan o`rtalarida kelib chiqqan oilaviy kelishmovchilik natijasida unga “achchiq qilib”, o`zini 3 nafar voyaga etmagan farzandlari bilan birgalikda Samarqand tumani “Yangiariq” mahallasi hududidan oqib o`tuvchi Darg`om kanaliga tashlab yuborgani haqida xabar berilgan edi.
Samarqand viloyati prokuraturasining ma`lum qilishicha, berishicha, mazkur holat yuzasidan A.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Ayolga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo`llangan.
Bundan tashqari, holat yuzasidan viloyat IIB, viloyat Mahalla va nuroniylarni qo`llab-quvvatlash boshqarmasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat prokuraturasi tomonidan voqea tafsilotlari ham ochiqlandi. Unga ko`ra, 2022 yil 1 noyabr kuni 26 yoshli ayol qaynonasi S.Q. bilan o`rtalarida kelib chiqqan o`zaro janjaldan so`ng 3 nafar farzandi bilan birga yashash uyidan chiqib ketib, ota-onasining uyiga borgan.
Oradan ikki kun o`tgach, 3 noyabr kuni A.Q. qizini onasining uyidan, o`g`illarini bog`chadan olib chiqqan. So`ng Darg`om kanalining Samarqand tumani Yangiariq mahallasi hududidan oqib o`tuvchi qismiga kelib, o`zi va farzandlarini o`ldirish maqsadida suvga tashlab yuborgan.
Shu payt hodisa joyiga yaqin bo`lgan oshxona ishchilari tomonidan A.Q. hamda uning 2 nafar farzandi suvdan chiqarib olingan.
Ayolning bir nafar farzandi voqea joyida vafot etgan. Ikkinchisi suvda oqib ketgan. 2022 yil 13 noyabr kuni A.Q.ning oqib ketgan farzandi murdasi Darg`om kanali qirg`og`idan topilgan.






