Avval xxabar qilganimizdek, 2022 yilning 14-16 noyabr kunlari O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va taʼlim berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasida 150 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etmoqdalar.
Har 10 yilda bir marotaba o‘tkazib kelinadigan mazkur forum BMTning taʼlimni o‘zgartirish bo‘yicha yaqinda o‘tkazilgan sammitining mantiqiy davomi bo‘lib, u asosiy taʼlimga ustuvor eʼtibor qaratishga chaqiradi.
Anjumanda Toshkent shahridan 1000 dan ortiq kishi, jumladan, davlat va hukumat rahbarlari, tegishli vazirlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etmoqdalar. Qayd etish lozimki, mazkur konferensiya ishtirokchilari konstruktiv muloqot, dadil tashabbuslar, ijodiy takliflar atrofida birlashgan.
"2017 yili Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etilganidan buyon bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish darajasi bugungi kunda O‘zbekistonda 27 foizdan 70 foizga oshdi. Ayni paytda ikki milliondan ortiq bola bog‘chalarda taʼlim-tarbiya olish imkoniyatiga ega. Agar dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, taʼlim sifatini o‘zgartirishimiz kerak. Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli o‘qitish va tarbiya tizimini global miqyosda o‘zgartirishga taʼsir ko‘rsatishimiz mumkin. Farzandlarimiz kelajagi uchun taʼlimni yana-da yaxshilashimiz kerak, deb hisoblaymiz. Zotan, dunyoning kelgusi taraqqiyoti uchun barchamiz masʼulmiz. Forum BMTning taʼlimni o‘zgartirish bo‘yicha yaqinda o‘tkazilgan sammitining mantiqiy davomi bo‘lib, unda kichik yoshdagi bolalarni o‘qitishga alohida ahamiyat berish bosh maqsad etib belgilangan", dedi Maktabgacha taʼlim vaziri A.Shin.
YUNESKO maʼlumotlariga ko‘ra dunyoda 5 yoshdagi har to‘rtinchi bola hech qachon maktabgacha taʼlim xizmatidan foydalanmagan. Jahondagi mamlakatlarning yarmidan kamrog‘ida maktabgacha yoshdagi bolalar tekin o‘qishi taʼminlangan.






