Prezident kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta`lim berish bo`yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasining ochilish marosimida muhim takliflarni ilgari surdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta`lim berish bo`yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasining ochilish marosimida nutq so`zladi.
"So`nggi yillarda mamlakatimizda bog`chalar soni 6 barobarga ko`paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog`chalar tashkil qilindi.
Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o`sib, 160 mingga etdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo`lga qo`yildi.
Ushbu choralar natijasida bog`chalarda ta`lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga etkazilib, qamrov ko`lami 70 foizga chiqdi.
Anjumanimizda jahonning 150 mamlakatidan vakillar tashrif buyurgani bugungi kunda maktabgacha ta`lim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga ega ekanidan yaqqol dalolat beradi.
Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha ta`lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta`lim berish yo`lida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shulardan kelib chiqib, biz quyidagi muhim takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, shiddatli dunyoda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan davrimizda eng zaif qatlam bo`lgan maktabgacha yoshdagi bolalar ham jiddiy aziyat chekmoqda.
Shu sababli, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta`lim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor echimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarbdir.
Buni inobatga olib, mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o`tkazib borishni taklif etamiz.
Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg`un bo`lgan ta`lim bo`yicha barcha sa`y-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YuNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni ma`qullaysizlar, deb ishonaman.
Shuningdek, Kichik yoshdagi bolalar ta`limi bo`yicha jahon tashkiloti bilan qo`shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo`llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklif etaman.
Shu bilan birga, mazkur yo`nalishda jahonda to`plangan ilg`or tajribalar, zamonaviy interaktiv o`qitish uslublari, amaliy bilim va ko`nikmalar bilan o`zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.
Uchinchidan, 2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o`tkaziladigan kelajak sammitining umumiy kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta`lim berish masalasini kiritish hamda unga alohida sessiyani bag`ishlash muhimdir.
Bugungi konferensiya yakunlari bo`yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to`g`risida maxsus rezolyusiyasini qabul qilish ayni muddao bo`lar edi.
Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli ta`lim va tarbiya olishi, ma`naviy va jismoniy barkamolligini ta`minlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini to`liq namoyon etish borasidagi mas`uliyatini yanada oshirish kabi masalalar o`z ifodasini topishi lozim", – dedi davlat rahbari.






