Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tuman bo`limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Shayxontohur tumanida kir yuvish kukunlarini qo`lbola usulda tayyorlab sotish holati fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Fuqarolar E.N., N.O. va boshqalar “Ko`kcha darvoza” ko`chasida qo`lbola usulda qadoqlangan jami 1 551 dona “MIF”, PERSIL”, “ARIEL”, “TAYD” nomli savdo belgilaridan foydalangan holda ushbu nomlar bilan qadoqlangan kontrafakt kir yuvish kukunlarini 2 600 AQSh dollari va 425 ming so`mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 149-moddasi (mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish) va 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o`tkazish maqsadini ko`zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o`tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko`rsatish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






