Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Namangan viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o`tkazildi.
Tadbirda fuqaro F.X. qalbaki 8 300 AQSh dollarini fuqaro E.I.ga 4 150 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Yashnobod tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro A.K. “G.B.” mehmonxonada xizmat faoliyatini olib borayotgan D.P.ga qalbaki 500 AQSh dollarini 5,2 mln so`mga sotganligi aniqlangan.
Departamentning Yangiyo`l shahar bo`limi tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar D.A. va M.X. Yangiyo`l shahar dehqon bozorida amalga oshirgan xaridi uchun YaTT “K.I.”ning sotuvchisi D.A.ga 2 dona 50 kupyurali qalbaki AQSh dollari berganligi aniqlanib, ularning yonidan qalbaki 300 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog`ozlar yasash, ularni o`tkazish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






