Sammitning asosiy tadbiri ertaga 11 noyabr kuni Kongress markazda bo`lib o`tadi, deya xabar bermoqda darakchi.uz' muxbiri Dilbar Abdunabieva prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida bo`lib o`tgan brifingdan.
Unda ma`lum qilinishicha, ertaga tongda Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatuvchi sifatida keladi.
Hozirga qadar Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliev, Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog`iston Prezidenti Qasim-Jomart To`qaev, Turkiya rahbari Rejep Toyyip Erdog`anlar Samarqand shahrida kutib olindi.
Ma`lum bo`lishicha, bugun kechki vaqt Delegasiya rahbarlari Samarqand turizm markazi hududidagi “Boqiy shahar” majmuasiga tashrif buyuradilar. Turkiy davlatlar tashkiloti a`zo mamlakatlari milliy folklor san`atini o`zida ifoda etgan konsert dasturi tashkil etiladi.
"Samarqand sammitining asosiy tadbiri - Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisi ertaga 11 noyabr kuni Kongress markazda bo`lib o`tadi", — deydi Sherzod Asadov.
Sammit doirasida 10 dan ortiq hujjat imzolanishi rejalashtirilgani ma`lum qilindi. Xususan, uning asosiy hujjati - Samarqand Deklarasiyasini qabul qilish kutilmoqda. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta`minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo`yicha qo`shma yondashuvlar belgilab berilgan.
Sammit yakunida Tashkilotga raislik bir yil muddatga Turkiyadan O`zbekistonga o`tadi.






