"Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Prezident Farmoni (PF–244-son, 09.11.2022 y.) qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan elektron tijorat, transport va logistika, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo`jaligi va qurilish sohalari bo`yicha yuridik shaxs bo`lgan tadbirkorlarning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni cheklangan muhitda sinovdan o`tkazish bo`yicha “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
2023 yil 1 yanvardan:
Maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlarga quyidagilarga ruxsat etiladi:
▫️yangi mahsulot va xizmatlarni joriy qilish faoliyatini cheklangan doirada tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlariga amal qilmaslik;
▫️lisenziyasiz va ruxsat berish hujjatisiz faoliyatni amalga oshirish;
Maxsus huquqiy rejim vakolatli organ va tashabbuskor o`rtasida har bir loyiha bo`yicha alohida tuziladigan kelishuvga asosan joriy etiladi;
Maxsus huquqiy rejim yakunlari bo`yicha vakolatli organ tomonidan 1 oyda:
▫️sinovdan o`tkazilgan mahsulot va xizmatlarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahlil o`tkaziladi;
▫️mahsulot va xizmatlarni joriy etish maqsadga muvofiq deb topilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil 1 yanvargacha “Maxsus huquqiy rejim to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Adliya vazirligi Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reestrining operatori hisoblanadi.
Yagona reestr quyidagi bosqichlarda shakllantiriladi:
▫️birinchi bosqichda (2023 yil) – qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, ta`lim va transport sohalaridagi majburiy talablar ro`yxati shakllantiriladi;
▫️ikkinchi bosqichda (2024–2025 yillar) – barcha sohalardagi majburiy talablar ro`yxati shakllantiriladi;
▫️Yagona reestr 2025 yil 1 iyuldan to`liq ishga tushiriladi.






