Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanida qurilishi boshlanish arafasida turgan yangi ko`p qavatli uy-joy binosi bo`yicha quruvchi-tadbirkor hamda ichki ishlar xodimi o`rtasidagi bahsli holat yuzaga kelgani tasvirlangan video tarqaldi.
Qurilish vazirligi mas`ullaridan iborat tezkor guruh vaziyatni o`rganish maqsadida mazkur hududga borib, holatni o`rganishdi.
Ma`lum bo`lishicha, Toshkent shahar hokimining 2020-yil 9-dekabrdagi tegishli qarori bilan fuqaro M.Mirxo`jaev nomiga Chilonzor tumani Ko`tarma mahallasi 10-mavzeda joylashgan 1-, 9- hamda 39-uylar oralig`idagi 0,10 ga er maydonida ko`p qavatli uy-joy binosi qurish uchun ruxsat berilgan. Hujjatlar yig`ma jildida tegishli davlat idoralarining buyruqlaridan ko`chirmalar va bayonnomalar mavjud.
2021 yilning 13 noyabr kuni Ko`tarma MFY raisi hamda hududga yondosh 1-, 9-, va 39-uylarning vakillari ishtirokida o`tkazilgan kengash yig`ilishida quruvchi tashkilot “AT Kvartal Build” MChJ direktori U.Holiqov tomonidan hududda obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish, nonvoyxona va keksalar guzari qurib berish bo`yicha kafolat xati yozib berilgan.
Shundan so`ng shu yilning fevral oyida hududda istiqomat qiluvchi aholi o`z tashabbusi bilan maydonda daraxtlar ekishgan. Vazirlikning tezkor guruhi tomonidan aholining bu boradagi fikrini so`ralganda ular daraxt ekish chog`ida mazkur hududda qurilish boshlanishidan bexabar bo`lishganini ma`lum qilishgan.
Ushbu e`tirozli holat yuzasidan o`rganishlar davom etmoqda, - deyiladi vazirlik xabarida






