Prezident topshirig`i bilan yaratilgan ushbu mexanizm borasida issiqxona xo`jaliklarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishuv chog`ida aytib o`tildi.
Bugun Shavkat Mirziyoev issiqxona xo`jaliklarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu haqda 5 sentyabr kuni oziq-ovqat xavfsizligi bo`yicha o`tgan videoselektor yig`ilishida ko`rsatma berilgan edi, deya eslatib o`tadi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, Hozirgi kunda yurtimizda 3 mingdan ortiq issiqxona bor. Ularning jami maydoni 6 ming 300 gektardan ziyod bo`lib, shundan 4 ming 300 gektari so`nggi besh yilda tashkil etilgan. Oziq-ovqatlarning uzluksizligini va eksportini ta`minlayotgan ko`p mahsulotlar shu majmualarda etishtirilmoqda.
Aksariyat issiqxonalar biznes-rejasida 1 tonna mahsulot tannarxi o`rtacha 600 dollar deb hisob-kitob qilingan bo`lsa, 2020 yilda tannarx 900 dollarni va 2021 yilda 1 ming 200 dollarni tashkil etgan. Ayrim issiqxona xo`jaliklarida kredit, soliq, tabiiy gaz va elektr energiyasi to`lovlari bo`yicha qarzdorlik yuzaga kelgan.
Shu bois, Prezident topshirig`iga ko`ra, sohadagi muammolar o`rganildi va tadbirkorlarning takliflari eshitildi. Ular asosida, issiqxonada mahsulot etishtirish va uni sotishning yangi mexanizmi ishlab chiqildi.
Unga ko`ra, Bog`dorchilik va issiqxona xo`jaligini rivojlantirish agentligi issiqxonalarga urug`, ko`chat, mineral o`g`it va boshqa moddiy resurslarni etkazib beradi, mahsulotni sotib olib, eksport qiladi. Karantin va o`simliklar himoyasi agentligi ko`chatlarni parvarishlash bo`yicha xizmatlar ko`rsatadi.
Shu bilan birga, moliyaviy engilliklar ham belgilanmoqda. Jumladan, issiqxona xo`jaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun xalqaro moliya institutlari va davlat maqsadli jamg`armalaridan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati 7 yildan 14 yilga hamda imtiyozli davri 3 yildan 5 yilga uzaytirilishi nazarda tutilmoqda. Kreditlarni qaytarish muddatlari hosilni yig`ib olish va sotish muddatlariga moslashtiriladi.
Eksportbop mahsulot etishtirishni rag`batlantirish maqsadida xorijiy valyutadagi bank kreditlarini yillik 4 foiz stavkada ajratish mo`ljallanmoqda. Sanoat tipidagi zamonaviy issiqxona va logistika markazlarini tashkil etish uchun yaxlit maydonlar ochiq auksion savdolariga chiqarilishi belgilanmoqda.
"Davlatimiz rahbari bu chora-tadbirlarni ma`qulladi. Meva-sabzavotlarni saqlash, saralash va qadoqlash imkoniyatiga ega bo`lgan savdo majmualari tashkil etish, yangi issiqxonalar uchun suv va elektr tarmoqlarini tortish bo`yicha ko`rsatmalar berildi", — deyiladi xabarda.






