Ijtimoiy tarmoqlarda YPX inspektorlari Neksiya-2 rusumli transport vositasini to`xtatishga urinayotgani aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilar ma`lum bo`ldi.
Joriy yilning 1 noyabr kuni taxminan soat 17.00 larda 2004 yilda tug`ilgan Akbar X. Neksiya-2 rusumli avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarga ega bo`lmagan holda boshqarayotgan vaqtida yo`lda uch marotaba YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo`ysunmasdan harakatni davom ettirgan.
To`rtinchi marotaba Yunusobod tumani Amir Temur va Shaxrisabz ko`chalari kesishgan chorrahasida YPX inspektori M.Turdiev tomonidan jezl va xushtak yordamida to`xtash ishorasi berilganda, haydovchi katta tezlikda harakatni davom ettirgan. Bir nechta xodimlarning qonuniy talablariga bo`ysunmasdan harakatini davom ettirayotgan ushbu avtomobil harakatini cheklash maqsadida boshqa transport vositalari to`xtatilgan. So`ng Amir Temur – Alisher Navoiy – Shaxrisabz ko`chalari kesishgan chorraxada YPX inspektori D.Ganiev tomonidan transport vositasi to`xtatib qolingan. Haydovchi o`zini shubhali tutganligi, xodimlarning eshikni ochish va transport vositasidan tushish haqidagi qonuniy talabiga bo`ysunmasdan, transport vositasini ichkaridan qulflab olganligi sababli, transport vositasining oynasini sindirish orqali haydovchining eshigi ochilgan va haydovchining transport vositasini boshqarish imkoniyati cheklangan.
Mazkur holat yuzasidan haydovchi Akbar X.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Transport vositasi jarima maydoniga joylashtirilgan.






