Joriy yilning 1 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Sardor Umurzakov raisligida xalq ta`limi tizimidagi mavjud muammolarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyati Sho`rchi tumanida oddiy maktabni ixtisoslashtirilgan maktabga aylantirish chog`ida mas`ullar tomonidan yo`l qo`yilgan o`zboshimchalik va o`z ishiga sovuqqonlik jiddiy tanqid qilindi.
Ishlar to`g`ri tashkil qilinmaganligi sababli o`quvchilar 5-6 kilometr naridagi maktabga qatnashga majbur bo`lishgan. Bu esa ota-onalarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lgan.
Bu o`rtada maktabning sobiq direktori tashabbusi bilan aholining uyida bolalarga dars o`tish boshlangan.
«Bu nima degan gap?! Inson qadri shumi? Toshkentda, yozda salqin, qishda issiq kabinetlarda o`tirgan amaldorlar bolalari qishloqning loy yo`llarida har kuni 10 kilometrlab yurishiga, aholi uylarida o`qishiga rozi bo`lisharmidi? Yana uylarda ta`lim berayotgan o`qituvchilarga maosh ham berilmayapti ekan. O`qituvchining nima aybi bor bu erda?!», – deya e`tiroz bildirgan Sardor Umurzakov.
Yig`ilishda barcha mas`ullar mazkur holatlar o`z tasdig`ini topganini tan olishgan.
Sho`rchi tumani hokimi B.Xudoyberganov o`quvchilarga aholi uylarida dars berilayotganidan xabarsiz qolganini, bu tashabbus o`zboshimchalik bilan yoshlar masalalari bo`yicha hokim o`rinbosari va tuman xalq ta`limi bo`limi boshlig`i tomonidan tashkil qilinganini ma`lum qilgan.
“Yuzlab bolalar sarson bo`lib yursayu, hokimlik vakillari bunga befarq qarasa, shumi davlat rahbari bildirgan ishonchga munosabat?! Demak, ishiga mas`uliyatsizlik bilan qaragan tuman hokimi o`rinbosari va xalq ta`limi bo`limi mudiri ishdan olinsin va ularning faoliyatiga huquqiy baho berish kerak. Tuman hokimi Baxtiyor Xudoyberganovga esa hayfsan berilsin. Agar zudlik bilan vaziyat o`zgarmasa, hokimiyat binosi bo`shatilib, bolalar shu binoda ta`lim olishadi. Men mutlaqo jiddiy aytyapman. Hokim uyida tashkil qilaversin ishini», - dedi Administrasiya rahbari.
Shuningdek, Sardor Umurzakov Sho`rchi voqeasi har bir viloyat va har bir tuman hokimligiga o`rnak bo`lishi kerakligi, Xalq ta`limi vazirligi bilan birga komissiya tuzilib, tashkil etilishi rejalashtirilgan 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab xatlovdan o`tkazilishi, har bir maktab bo`yicha kerak bo`lsa o`qituvchi va o`quvchilar kesimida aniq axborot kiritish bo`yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.






