AsosiyJamiyat

SSV Surxondaryoda kaltaklangan shifokor yuzasidan ma`lumot berdi

'SSV Surxondaryoda kaltaklangan shifokor yuzasidan ma`lumot berdi'ning rasmi

Kecha Surxondaryo viloyatining Angor tumanida o`z xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor 3 nafar fuqaro tomonidan kaltaklangani haqida xabar bergan edik. 

Sog`liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagi ma`lumotlarni taqdim etdi:

Aniqlanishicha, joriy yil 27 oktyabr kuni soat 15:20 larda Angor tuman tibbiyot birlashmasining travmatologiya bo`limida it tishlagan bemorni tibbiy ko`rikdan o`tkazayotgan shifokor J.E.ning huzuriga 3 nafar fuqaro salomatligi to`g`risida ma`lumotnoma yozib berishini so`rab kelgan.

Shifokor ularga qabulidagi bemorga yordam ko`rsatayotganini, ma`lumotnomani esa shundan so`ng yozib berishini aytgan. Bundan norozi bo`lgan fuqarolar vrach J.E.ni ayovsiz do`pposlab, unga jiddiy tan jarohati etkazgan.

O`tkazilgan tibbiy tekshiruvlar davomida shifokor J.E.ga "bosh miya yopiq jarohati, og`iz pastki lab yumshoq to`qimalari lat eyishi, o`ng son yumshoq to`qimalari lat eyishi va teri osti gematomasi, qorin bo`shlig`i a`zolari lat eyishi, kuchli qontalash" tashxisi qo`yilgan.

Hozir tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan ushbu fuqarolarga nisbatan Angor tuman ichki ishlar bo`limi tomonidan tergovga qadar dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oxirgi paytlarda bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan o`z xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor va hamshiralarga nisbatan kuch ishlatish va tajovuz qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. 

Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda tibbiyot xodimlari faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilanishi kun tartibidagi muhim masalaga aylandi. Angor tumanida sodir bo`lgan yuqoridagi holat esa mazkur jarayonni yanada jadallashtirish zarur ekanini yana bir bor ko`rsatdi.

Eslatib o`tamiz, 2019-2022 yillar davomida O`zbekistonda 290 ga yaqin holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan. Shu bois ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tibbiyot xodimlari faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun qat`iy javobgarlik belgilash yuzasidan qonun loyihasi ko`rib chiqilmoqda, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar