Buxoro shahrida qurilishi tugallanmagan 3 qavatli bino qulab tushdi. FVVning ma`lum qilishicha, falokat joriy yilning 31 oktyabr kuni soat 16:03larda Buxoro shahar Do`stlik MFY T.Farog`iy ko`chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan “Kogon Quruvchi montaj” MChJga qarashli 3 qavatli binoda sodir bo`lgan.
Binoning qulashiga ushbu binoning tomga qurilish materiallarining vazndan ortiq yuklanishi sabab bo`lgan. Natijada binoda quruvchi bo`lib ishlayotgan Jondor tumani “Xo`jaxayron” MFY Xo`jaxayron qishlog`ida yashovchi 1973 yilda tug`ilgan fuqaro Ro`ziev Kozim Fayzievich bino qulashi oqibatida tan jarohati olgan. U Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Yong`in-qutqaruv otryadi tomonidan qutqarilgan va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga yotqizilgan.
Hozirgi vaqtda Buxoro viloyati qurilishi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan binoning qulab tushishi bilan bog`liq o`rganish ishlari olib borilmoqda.






