AsosiyJamiyat

4 marta sudlangan Oyatullo Maxsumovning turmadan o`lik holda chiqqani aytilgan filmga Ombudsman munosabatini bildirdi

'4 marta sudlangan Oyatullo Maxsumovning turmadan o`lik holda chiqqani aytilgan filmga Ombudsman munosabatini bildirdi'ning rasmi

2022 yilning 30 oktyabr kuni  "Ichkaridagi ishlar yohud Oyatullo Maxsumov rostdan o`z joniga qasd qilganmi?" nomli maxsus film e`lon qilinadi. Unda shu yilning 9 oktyabr kuni Navoiy viloyatidagi 4-son jazoni ijro etish koloniyasida muqaddam to`rt marotaba sudlangan mahkumning o`z joniga qasd qilgani holati bo`yicha uning yaqin qarindoshlari fikrlari olingan. Ushbu holatda marhumning yaqinlari uning qiynoqqa solinganini aytishgan.

Mazkur filmga Ombudsman o`z rasmiy munosabatini e`lon qildi.

Unda ta`kidlab o`tilishicha, hozirda Navoiy maxsus prokuraturasi tomonidan mazkur holat bo`yicha tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda va qonuniy qaror qabul qilinadi.

Shuningdek, ushbu holat bo`yicha Ombudsmanga marhumning yaqin qarindoshlaridan qiynoqqa oid murojaat kelib tushmagan. Shunday bo`lsa-da, mazkur holat bo`yicha Internet ijtimoiy tarmoqlarida xabarlar berilgach, ishga taalluqli hujjatlar o`rganilgan.

Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning may oyida Ombudsman boshchiligida Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalariga, jumladan 4-son koloniyaga monitoring tashrifi amalga oshirilgan. Ushbu monitoringda ishtirok etgan "Ezgulik" Inson huquqlari nodavlat notijorat tashkiloti Internetdagi turli ijtimoiy tarmoqlarga Navoiydagi koloniyalardan qiynoq bo`yicha shikoyatlar kelib tushmaganini yozgan.

"Shu o`rinda e`tiboringizni ba`zi jihatlarga qaratamiz. Mazkur holat 2022 yilning oktyabr oyida sodir bo`lgan bo`lishiga qaramay, jurnalist Hulkar Murtazoeva Ombudsmanning bir yil avvalgi, ya`ni 2021 yilning oktyabr oyida jurnalistlarga bergan intervyusidan iqtibos keltirgan. Vaholanki, jurnalist Ombudsman matbuot kotibi bilan bog`lanib, og`zaki ravishda murojaat qilganida, unga o`tgan yilgi ma`lumotlardan foydalanmasligi va joriy yilda qiynoq holatlari bo`yicha bir necha holatlar tekshirilayotgani, jurnalist so`roviga qonun talablarida belgilangan muddatda javob berilishi aytilgan. Lekin, shunga qaramay, jurnalist eski ma`lumotlardan foydalanishni afzal ko`rdi", — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Ombudsmanning tergovga qadar tekshirish olib borish vakolati mavjud emas. Shuning uchun qiynoqlar qo`llanilganiga oid murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar joyiga chiqib o`rganilgach, qiynoq alomatlari mavjud bo`lgan hollarda ish ko`rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuboriladi. Ombudsman bunda mahkum va mahbuslarning ko`rsatmalari va ishga oid to`plangan dastlabki va birlamchi hujjatlarga asoslanadi. Haqiqatdan ham 2021 yilda Ombudsman nazoratiga olingan qiynoq holatlari bo`yicha prokuratura organlari tomonidan bironta qiynoq holati tasdiqlanmagani aytiladi.

    Boshqa yangiliklar