Samarqandda bo`lib o`tgan MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining yalpi majlisi doirasida 2022 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinovga Chingiz Aytmatov nomidagi mukofotni berish to`g`risida MDH PA Kengashining qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Parlament yuqori palatasi ma`lumotiga ko`ra, olimga mukofotni Qirg`iziston delegasiyasi rahbari Nurlanbek Shakiev topshirdi.
Shuhrat Sirojiddinov matnshunoslik va adabiyotshunoslik sohasida yirik olim sifatida tanilgan, o`zbek mumtoz adabiyoti, dinshunoslik va tarjima nazariyasiga oid qator ilmiy asarlariga ega. Yozuvchi 140 dan ortiq ilmiy maqolalar, 16 ta monografiya va o`quv qo`llanmalari muallifi.
Ma`lumot uchun: Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot Qirg`iziston Jogorku Keneshi taklifi bilan 2012 yil noyabr oyida ta`sis etilgan. Mukofot har yili madaniyat, ma`rifat sohasidagi xizmatlari, gumanitar fanlar, adabiyot va san`at rivojiga, madaniy merosni o`rganish va asrab-avaylash, madaniyatlar, millatlar hamda elatlarni yaqinlashtirish va o`zaro boyitish, tinchlik va do`stlikni mustahkamlashga, shuningdek, davlatlar o`rtasidagi ma`naviy aloqalarni rivojlantirishga qo`shgan hissa uchun beriladi.






