“O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Kodeksga ko`ra, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog`liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilandi:
▫️mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg`ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;
▫️mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;
▫️mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;
▫️mehnat huquqlari ta`minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;
▫️xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo`l qo`yilmasligi.
Jumladan, mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo`lgan o`z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg`ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.
Davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo`yicha qo`shimcha kafolatlarni ta`minlaydi.
Bunda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
▫️ 14 yoshga to`lmagan bolalari, nogironligi bo`lgan bolalari bor yolg`iz ota-ona, shuningdek ko`p bolali oilalardagi ota-onalar;
▫️ umumiy o`rta va o`rta maxsus ta`lim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablari va kollejlari hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega bo`lgan yoshlar;
▫️“Mehribonlik” uylarining bitiruvchilari, shuningdek oliy ta`lim tashkilotlarining davlat grantlari bo`yicha ta`lim olgan bitiruvchilari;
▫️ Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qo`shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo`shatilgan shaxslar;
▫️ nogironligi bo`lgan shaxslar;
▫️ pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin);
▫️ jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sudning qaroriga ko`ra o`ziga nisbatan tibbiy yo`sindagi majburlov choralari qo`llanilgan shaxslar;
▫️ odam savdosidan jabrlanganlar.
Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 6 oy o`tgach kuchga kiradi.
Qonun kuchga kirishi bilan “O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi Qonun (21.12.1995 y.) o`z kuchini yo`qotadi.
29.10.2022 07:33
Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi






