Davlat boshqaruv organlari xodimlari tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi taqiqlangan.
Shuningdek, 2022 yil 8 avgust kuni qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga haqli emasligi haqidagi qoida belgilandi (mazkur qonun 2022 yil 8 noyabrda kuchga kiradi).
Xo`sh, bu qoidaga qay darajada amal qilinmoqda?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agenligi ba`zi faktlarga to`xtaldi
Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg`ona va Xorazm viloyatlarida davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelinayotganligi holatlari joyiga chiqqan holda o`rganildi.
Qayd etilishicha, ushbu viloyatlarda jami 1378 nafar davlat xizmatchilari (138 nafari hokim va hokim o`rinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning o`rinbosarlari, 1092 nafari hokim yordamchilari) davlat xizmati bilan birga (rahbar yoki ta`sischi sifatida) tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, agentlik tomonidan davlat xaridlari sohasida o`tkazilgan o`rganishlarda hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, g`olib bo`lganligi aniqlandi.
Xususan, 2021-2022 yilning 6 oyi davomida Buxoro viloyatida 340 ta holatda 34,3 mlrd so`mlik davlat xaridlaridan 19 ta holatda tashkilot rahbari va moliyaviy masalalar bo`yicha o`rinbosarlari, 72 ta holatda buxgalteriya xodimlari, 24 ta holatda ombor mudiri va ta`minot xodimlari, 30 ta holatda injener va texnik nazoratchilar, 20 ta holatda shartnomalarni huquqiy ekspertizasini amalga oshiruvchi yuristlar va qolgan holatda boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta`sischisi (benefisiari) bo`lgan.
Shu kabi Surxondaryo viloyatida 155 ta holatda 16,1 mlrd so`mlik davlat xaridlaridan 67 ta holatda bosh hisobchi, hisobchi va iqtisodchilar, 60 ta holatda xo`jalik va ombor mudirlari, 28 ta holatda bo`lim boshliqlari va boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta`sischisi (benefisiari) bo`lganligi aniqlandi.
Masalan, Surxondaryo viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan Termiz shahridagi 6-maktab binosini rekonstruksiya qilish bo`yicha 8 mlrd. so`mlik davlat xaridida ushbu kompaniyaning etakchi mutaxassisi ta`sischiligidagi mas`uliyati cheklangan jamiyat bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzilgan.
Xuddi shunday, Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10,9 mlrd. so`mlik, Farg`ona viloyatida 158 ta holatda 8,1 mlrd. so`mlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1,6 mlrd. so`mlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1,1 mlrd. so`mlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 0,3 mlrd.so`mlik davlat xaridlari bo`yicha tuzilgan shartnomalarda affillanganlik va manfaatlar to`qnashuvi holatlariga yo`l qo`yilgan.
"Ushbu holatlarni bartaraf qilish va kelgusida yo`l qo`ymaslik haqida taqdimnomalar kiritildi, shuningdek, davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo`yicha huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarga yo`l qo`yilishining oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda", — demoqda agentlik.






