AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda 500 dan ortiq madaniy meros ob`ektlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi — Bosh prokuratura

'Qashqadaryoda 500 dan ortiq madaniy meros ob`ektlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi — Bosh prokuratura'ning rasmi

Bosh prokuratura tomonidan madaniy meros va turizm sohasidagi qonunchilik ijrosi Qashqadaryo viloyatida (1 468 ta tarixiy ob`ekt joylashgan) o`rganilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.

Ma`lum qilinishicha, o`rganishda bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

Jumladan, 18 ta madaniy meros ob`ektida noqonuniy qurilmalar qurilgan va o`zboshimchalik bilan ta`mirlash ishlari o`tkazilgan.  

Masalan, Yakkabog` tumanidagi XII asrga oid Gumbaz masjidining ichki devorlari restavrasiya qoidalariga zid ravishda ta`mirlangan bo`lsa, Kasbi tumanidagi XIV asrda bunyod qilingan Katlas masjidi devorlariga taqab devor qurilib, zarar etkazilgan.  

Shuningdek, madaniy meros ob`ektlarining 382 tasi yoki 26 foizida muhofaza belgilari o`rnatilmagan. Yakkabog` tumanidagi XII-XIV asrlarga oid Yodgor Vallamin madrasasi yoki Kasbi tumanidagi XIV asrda qurilgan Katta Sardoba yodgorliklari shular jumlasidan.

Viloyatdagi 35 ta tarixiy ob`ekt ta`mir talab, avariya holatiga kelib qolganligi, 10 ta madaniy meros ob`ektidan noqonuniy foydalanib kelinganligi, 5 ta madaniy meros ob`ektiga noqonuniy ravishda reklama bannerlari o`rnatilganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, turistlar tashrif buyuradigan 58 ta madaniy meros ob`ektida yong`in xavfsizligi, 49 tasida sanitariya qoidalari talablari buzilgani aniqlandi.

Qonun buzilish holatlari yuzasidan tegishli ta`sir choralari qo`llanilib, ularni bartaraf etish bo`yicha mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berildi.  

O`rganish davom etmoqda.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar