Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda “Afg`oniston-Tojikiston-O`zbekiston” yo`nalishida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug`ullanuvchi transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Dastlab Sariosiyo tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda Sho`rchi va Uzun tumanlarida yashovchi 3 nafar fuqaro ketayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, muqaddam 2 nafari sudlangan ushbu shaxslar yonida 670 gr. “gashish” moddasi borligi ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, ushbu ajal og`usi Sariosiyo tumanida istiqomat qiluvchi, 1976 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyati uchun sudlangan shaxsdan 2800 AQSh dollariga sotib olinganligi ma`lum bo`lib, u ham qo`lga olindi.
Tezkor tadbirning ikkinchi bosqichida esa Boysun tumanidagi “Darband” YPX maskanida Uzun tumanida yashovchi 3 nafar shaxs ketayotgan “Neksiya 2” rusumli avtotransport vositasi to`xtatilib, ko`zdan kechirildi.
Natijada avtomashina salonida 9 kg. 410 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan Uzun tumani hududiga o`tkazilgan mazkur giyohvandlik vositasi aslida Samarqand viloyatida kutib turgan xaridorlarga etkazilishi kerakligi ma`lum bo`ldi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, Nurobod tumanida ushbu narkotik moddaning ma`lum bir qismini qabul qilib olgan vaqtda Samarqand va Andijon shaharlarida yashovchi 3 nafar fuqaro ham ushlandi.
Shuningdek, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1971 y.t. fuqaroning yashash xonadonida 964 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, u ham o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida jami 11 nafar shaxs ushlanib, ulardan
11 kg. 44 gr. “gashish” moddasi musodara qilindi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo`yicha Boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






