“O`zbekneftgaz” AJ va tizimdagi korxonalar tomonidan 2022-2023 yil kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish va iste`molchilarga etkazib berish yo`nalishida bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan bo`lib, 24/7 rejimda navbatchilik tashkil qilinib, barcha ishlar nazoratga olingan. Bu haqda “O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, jamiyatga qarashli gazni qayta ishlash zavodlarida 10 ta tabiiy gaz tarkibidan propan-butan aralashmalari ajratib olish bilan suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari mavjud. Qurilmalar Muborak gazni qayta ishlash zavodi,
Sho`rtan gaz kimyo majmuasi, Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda Gazli gazni qayta ishlash zavodlarida joylashgan.
Kuz-qish mavsumida ishlab chiqarish ob`ektlarini betalofat va barqaror ishlatish uchun siquv kompressor stansiyalarida 13 dona gazturbinali dvigatellarni ta`mirlash va 73 ta reglament ishlari bajarildi. 223 ta gazni tayyorlash va qayta ishlash texnologik qurilmalarda rejali kapital, o`rta va joriy ta`mirlash ishlari amalga oshirildi.
Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish ko`rsatkichlarining bajarilishini ta`minlash maqsadida, Muborak gazni qayta ishlash zavodidagi 2022 yilning o`tgan davrida siquv kompressor stansiyasining 2 dona NK-16-18STD rusumli gazoturbinali dvigatellari “KMPO” AJda (Rossiya) kapital ta`mirlash ishlari amalga oshirildi.
Qurilmalardagi mavjud turbodetander agregatlarini barqaror ishlatish uchun “Maxsusenergogaz” AJ va Ukrainaning “Turbogaz” kompaniyasi mutaxassislarini jalb qilgan holda texnik xizmat ko`rsatish va ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko`paytirish maqsadida propan-butan aralashmasi olish qurilmasi 1- navbatidagi texnologik uskunalarni texnik diagnostikadan o`tkazish ishlari bajarildi.
“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida reja ko`rsatkichlarining bajarilishini ta`minlash va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida bir qator tadbirlar belgilab olingan bo`lib, ularga ko`ra Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida gaz qazib chiqarishni ko`paytirish maqsadida loyiha asosida ishga tushirilgan 47 km uzunlikdagi gaz quvurini to`liq quvvatlar bilan ishlatish va boshqarmada suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni 40-50 tonnaga oshirishga erishildi.
Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va Sho`rtan gaz kimyo majmuasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shuning bilan birgalikda aholi va ijtimoiy soha ob`ektlariga uzluksiz suyultirilgan gaz etkazib berish uchun, “Hududgazta`minot” AJ bilan birgalikda filiallariga suyultirilgan gazni yuklab berish ishlari tashkil etilib doimiy nazorat ostiga olingan.
Respublika iste`molchilarini kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta`minlash maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 23 sentyabrdagi 522-son qaroriga muvofiq “Hududgazta`minot” AJga 2022 yil oktyabr – 2023 yil mart oylarida 314,4 ming tonna, har oyda 52,4 ming tonnadan etkazib berish jadvallari ishlab chiqilib, ushbu jadval asosida uzluksiz etkazib berish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga qadar “O`zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalari tomonidan joriy yil 25 oktyabr holatiga 553,0 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi (rejaga nisbatan 104,4%) va 494,4 ming tonna suyultirilgan gaz mahsuloti “Hududgazta`minot” AJ orqali aholi va ijtimoiy soha ob`ektlari uchun etkazib berildi (rejaga nisbatan 100,0%).
2022 yil yakuni bilan 670 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, shundan aholi va ijtimoiy ob`ektlarga 616,4 ming tn suyultirilgan gaz etkazib beriladi.
Mavsumda jami 328,2 ming tn, shundan 2022 yilning oktyabr-dekabr oylarida 156,9 ming tn va 2023 yil yanvar-mart oylarida 171,3 ming tn suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, “O`zbekneftgaz” AJ va tizimdagi barcha boshqarma, korxona va zavodlar, neft bazalari 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyor holatga keltirilgan.






