Farg`ona viloyatining Qo`qon shahrida o`zganing uyiga o`g`rilikka tushgan shaxslar qo`lga olindi. Bu haqda «Zamon» informasion dasturida ma`lum qilindi.
Jinoyatchilar uyda hech kim yo`qligini bilgan holda eshikni kalit tanlash yo`li bilan ochib, ichkariga kirgan. Buni payqab qolgan qo`shnilar uy egalariga qo`ng`iroq qilgan. Xonadon egalari kelganidan xabar topgan o`g`rilar qochib qolishgan. Ular xonadonda bo`lgan 16,7 million so`mlik tilla taqinchoqlarni olib qochishga muvaffaq bo`lishgan.
Fuqaro Mahmudov va Komilov boshchiligidagi jinoiy guruh bir nechta xonadonga o`g`rilikka tushgan. Ular Buxoro shahridagi xonadon egalarining 52,2 million so`mlik telefon apparati, tilla buyumlari va pul mablag`larini o`g`irlab ketishgan. Shuningdek, ular Qo`qon shahar "Bandieshon" mahallasidagi xonadonlardan kirib, xonadondan jami 325 million so`m pullar va umumiy bahosi 108 million so`mlik tilla taqinchoqlarni o`margan.
Shu tariqa 6 ta holatda respublikaning turli hududlarida o`g`rilik va boshqa jinoyatlarni sodir etib, jabrlanuvchilarga juda ko`p miqdorda zarar etkazgan.
Bundan tashqari, ular jinoiy harakatlarini davom ettirish va yashirinish maqsadida aylanma yo`llar orqali Qirg`izistonga qochib ketgan. Qo`shni respublikada huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushlangan. Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169- (o`g`rilik) va 223-moddalari (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O`zbekiston Respublikasiga kirish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.
Avval ham qator jinoyatlarda aybli deb topilib, sudlangan fuqarolar Mahmudov va Komilov yana jazoga tortilgan. Xususan, fuqaro Mahmudov 9 yil 6 oy muddatga, uning jinoiy sherigi Komilov esa 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ular Jinoyat kodeksining 34-moddasiga (residiv jinoyat) asosan "o`ta xavfli residivst" deb topilgan.
Jinoyat ishining jinoiy guruhni boshqa a`zolariga oid qismi alohida ish yurituvga ajratilgan.






