Bir muddat avval Toshkentda metroga kiraverishda sumkasida bomba borligini hazillashib aytgan qiz hibsga olingani haqida xabar bergan edik.
2022 yil 24 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudida videokonferensaloqa vositasida Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 199-moddasi (maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirganlik) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan S. X. (2003 yilda Jizzax viloyatida tug`ilgan) ga oid ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko`ra, S. X. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183 va 199-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topildi.
Ish hujjatlariga ko`ra, S. X. 2022 yil 22 oktyabr kuni Toshkent metropolitenining “Alisher Navoiy” bekatida, metropolitenda xizmat qiluvchi ichki ishlar organlari xodimlariga sumkasida “bomba” bor, deb yolg`on xabar bergan. Shu asnoda metro bekatida jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan mayda bezorilik sodir qilib, ichki ishlar organi xodimlari va maxsus xizmat xodimlarini qasddan aldab chaqirgan.
Shu bois S. X. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183 va 199-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga ushbu kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil 5 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.
"Mazkur qaror ustidan apellyasiya shikoyati (protesti) qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda berilishi mumkinligi ma`lum qilinadi", — deyiladi xabarda.






