Shavkat Mirziyoev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha yil yakuniga qadar qilinadigan ishlar hamda 2023 yildagi vazifalar yuzasidan videoselektor yig`ilishi boshlandi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Videoselektor yig`ilishida Qashqadaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari ko`rib chiqilmoqda.
Eng avvalo, davlatimiz rahbari viloyatda beshta yo`nalishda - tadbirkorlik, sanoat, agrar, ichimlik suvi ta`minoti, ijtimoiy sohada erishilishi lozim bo`lgan maqsad va vazifalarni belgilab berdi. Jumladan:
- viloyatda tadbirkorlik va xizmat ko`rsatishni rivojlantirish orqali kelgusi yilda 207 ming nafar ish o`rni yaratish zarur;
- sanoatda 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini band qilish mumkin;
- 22 ta noruda konni o`zlashtirib, talab yuqori bo`lgan qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoni bor;
- paxtani chuqur qayta ishlash darajasini 32 foizdan 56 foizga chiqarish uchun klasterlar tomonidan 2 trillion so`mlik 12 ta loyihani yakunlash zarur;
- kimyo, neft-gaz, energetika tizimidagi yirik korxonalar bilan sanoat kooperasiyasini yo`lga qo`yib, 65 ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish lozim;
- 18 ming gektar maydonda suv ta`minotini yaxshilab, qo`shimcha 90 milliard so`mlik mahsulot etishtirish, 66 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, 300 million kub metr suvni iqtisod qilish, 10,5 ming gektar paxta va g`alla maydonini qisqartirish hisobiga, 32 ming oila bandligini ta`minlash imkoniyati bor;
- hududda markazlashgan toza ichimlik suvi ta`minotini kelgusi yilda 60 foizga etkazish lozim.






