Joriy yil 23 oktyabr kuni Toshkentda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya yig`ilishi bo`lib o`tdi, deya xabar qildi Rossiya Sanoat va savdo vazirligi Matbuot xizmati.
Yig`ilishni O`zbekiston Bosh vazirining o`rinbosari – Investisiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo`jaev va Rossiya Bosh vaziri o`rinbosari – Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov hamraislik qildi.
Ikki mamlakat o`rtasidagi investisiyaviy hamkorlik va sanoat kooperasiyasining hududlar va tarmoqlar kesimidagi joriy holati ko`rib chiqildi. Neft-kimyo, tog`-kon metallurgiya, energetika, sog`liqni saqlash va farmasevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, engil sanoat, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda yangi loyiha tashabbuslarini ishlab chiqish va amaldagi qo`shma loyihalarni jadallashtirishga o`zaro qiziqish bildirildi.
Jamshid Xo`jaevning ma`lum qilishicha, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sanoat va savdo vazirligining qo`shma loyiha byurosi umumiy qiymati salkam 4 milliard dollarlik 20 dan ortiq loyihalardan iborat yangi portfelni ishlab chiqmoqda.
"Bundan tashqari, biz munosabatlarimiz tarixida birinchi marta amalga oshiriladigan boshqa yutuq tashabbuslarini amalga oshirish ustida ishlamoqdamiz", - dedi u.
25.10.2022 03:30
O`zbekiston va Rossiya 4 mlrd dollarlik 20 dan ortiq loyihalar ustida ish olib bormoqda






