Toshkentda metroga kiraverishda sumkasida bomba borligini hazillashib aytgan qiz hibsga olindi. Bu xaqda IIV Transport va turizm ob`ektlarida xavfsizlikni ta`minlash departamenti xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekatida 2003 yilda tug`ilgan qiz avtomatik o`tkazish punktining birinchi vestibyulida o`z xizmat vazifasini bajarayotgan Metropolitenda xavfsizlikni ta`minlash boshqarmasi xodimi tomonidan to`xtatilgan.
Xodim qizdan sumkani ko`rishni so`raganida u sumkasida bomba borligini aytgan. Ko`rsatmalarga asosan, MXTB xodimlari zudlik bilan yaqin atrofdagi hududni o`rab olgan va voqea haqida navbatchilik bo`limiga xabar berdi. Shundan so`ng voqea joyiga IIV Maxsus operasiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi etib kelgan va qiz vaqtincha hibsga olingan.
Qayd etilishicha, qizning sumkasi ko`zdan kechirilganda undan portlovchi moslama topilmagan va unga nisbatan dalolatnoma tuzilgan.
Xodimlar qizdan nima uchun sumkasida bomba bor deb aytganini so`raganida N.S. kayfiyati yaxshi va shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytadi. Shundan so`ng qiz xodimlar tomonidan Shayxontohur tumani 3-sonli IIBga olib ketilgan.






