Butun dunyoda bo`lgani kabi yurtimiz aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holatlari ko`p uchraydi. Ayniqsa, arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, yurak aritmiyalari, surunkali yurak etishmovchiligi, tug`ma yurak nuqsonlari eng ko`p qayd etilayotgan xastaliklar sirasiga kiradi.
Mamlakatimizda tibbiyot, xususan, kardiologiya sohasiga qaratilayotgan e`tibor, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va hududlarda yo`lga qo`yilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari natijasida keyingi yillarda bu borada bir qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, o`tgan 2022 yilning 9 oyi davomida yurtimizda yurak-qon tomir kasalliklaridan o`lim ko`rsatkichi 56,2 foizga kamaydi.
Albatta bunday natijaga erishishda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida joriy etilayotgan ilg`or davolash va eng so`nggi diagnostika usullarining ahamiyati katta.
— Shifoxonamiz yurtimizdagi eng yirik tibbiyot muassasalaridan biri hisoblanadi, — deydi markaz direktori o`rinbosari Anvar Karimov. — Bu erda ilmiy salohiyat bilan amaliy tibbiyot integrasiya qilingan bo`lib, bemorlar belgilangan standartlar hamda klinik protokollar bo`yicha sifatli davolanadi.
Bugungi kunda muassasamizda 5 ta — arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalliklari, yurak aritmiyalari, yurak etishmovchiligi va nekoronarogen miokard kasalliklari hamda funksional tekshiruvlar va klinik bioximiya ilmiy laboratoriyalari tashkil etilgan.
Ularda yurak-qon tomir xastaliklariga chalingan bemorlarni o`z vaqtida tashxislash va davolashni optimallashtirish, hayot uchun xavfli yurak kasalliklarini bartaraf etish bo`yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi.
Markazning funksional diagnostika, klinik bioximiya laboratoriyalari hamda klinik bo`limlari eng zamonaviy yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Ayni paytda shifoxonada yurakning murakkab aritmiyalarida EFI/RChA, AKSh operasiyasini miniyondoshuv orqali amalga oshirish, bir vaqtning o`zida bir necha jarrohlik amaliyotlarini bajaruvchi gibrid, qo`shma operasiyalar, tug`ma yurak nuqsonlarini invaziv usulda bartaraf etish yo`lga qo`yilgan.
Bundan tashqari, yurak aritmiyalarida va surunkali yurak etishmovchiligida dori vositalarini saralash va dozasini titrlash orqali bemorlarni davolash ham markaz faoliyatining o`ziga xos yo`nalishlaridan.
Shu bois bugun kardiologik xastaliklarga chalingan ko`plab yurtdoshlarimiz va qo`shni mamlakatlar fuqarolari ushbu muassasa va uning hududiy filiallarida davolanib, o`z salomatliklarini tiklamoqda.
Ta`kidlash kerak, joriy yilning 9 oyi davomida markazning maslahat poliklinikasiga jami 24 ming 700 nafar bemor murojaat qilib, ularga mutaxassislar tomonidan malakali tibbiy maslahatlar berildi. Shuningdek, 2022 yilning o`tgan davri mobaynida 6 ming 325 nafar bemor muassasada stasionar sharoitda davolandi.
24.10.2022 12:19
O`zbekistonda yurak-qon tomir kasalliklaridan o`lim ko`rsatkichi 56,2 foizga kamaygan






