Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi Fransiyaning "Les Poissons Volants" kinokompaniyasi, "ARTE" telekanali va Luvr muzeyi bilan hamkorlikda yaratilgan "O`zbekiston. Markaziy Osiyo bo`ylab zamonlar osha sayohat" nomli yangi hujjatli filmini taqdim etdi.
Rejissyor Jivko Darakchiev va ssenariy muallifi Iv Nillining mazkur ijod mahsuli tomoshabinlarni O`zbekistonning g`aroyib joylari tarixi, urf-odatlari, sir-sinoatlari ummoniga g`arq qilib, boy madaniyatimiz bilan tanishtiradi.
“O`tmish va hozirgi kunning hayratlanarli jilolarini aks ettirgan ushbu film qarshimizda yangi istiqbol eshiklarini ochadi", – deydi S.Mirziyoeva.
Qayd etilishicha, Toshkentda o`tkazilgan film premerasi Luvrda uyushtirilayotgan "O`zbekiston vohalarining xazinalari. Karvon yo`llari chorrahasida" nomli keng ko`lamli ko`rgazmasining ochilish marosimi bilan bir paytga mo`ljallangan.
Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi tomonidan Luvrda uyushtirilayotgan ko`rgamaga uch yil puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Bir qancha o`zbek-fransuz qo`shma ekspedisiyalari bo`lib o`tdi, ular davomida ko`plab arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Bundan tashqari, Luvr restavratorlari va mamlakatimiz mutaxassislari bir necha bosqichda keng ko`lamli restavrasiya ishlarini olib bordi.
Restavrasiya qilingan buyumlar orasida Samarqanddagi Kofir-qal`a qadimgi shahar qoldiqlaridan topilgan, kuyib ko`mirga aylangan va VI-VII asrlarga mansub yog`och lavh ajralib turadi. Mutaxassislar tomonidan ushbu yog`och lavhning old qismlari tozalanib, restavrasiya qilingan, lavhning o`zi ettita lavh qismlari bilan birlashtirildi.
Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi tomonidan restavrasiya ishlari uchun Luvr muzeyi mutaxassisi Delfin Lefevrni jalb qildi. Xorijlik mutaxassis Ya. G`ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining etakchi ilmiy xodimi Marina Reutova bilan hamkorlikda ishladi.
Kofir-qal`adan topilgan o`ymakor naqshlar bilan bezalgan, kuyib ko`mirga aylangan lavhni konservasiya qilish So`g`d tasviriy san`atining ushbu noyob yodgorligini saqlab qolish, lavhlarda tasvirlangan syujetlarni o`rganish, shuningdek VII asr va VIIII asr boshidagi Samarqand hukmdorlari qarorgohida taxt o`rnatilgan xonaning arxitektura bezaklarini grafik rekonstruksiya qilish imkonini berdi.
Shuningdek xom loydan yasalgan “Gulchambar taqqan Budda” haykaliga ham (miloddan avvalgi I asr – milodiy I asr) restavrasiya ishlovi berildi, eksponatning ust qismi tozalandi va zararlangan qismlari mastika bilan qoplandi. Bundan tashqari, Islom olamining noyob ob`ekti va eng muhim qo`lyozmalaridan biri bo`lgan XIII asrga mansub Katta Langar Qur`onining 13 sahifasi restavrasiya qilindi. Ushbu Qur`on uzoq vaqt Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar-ota masjidida saqlangan va Islom olamidagi eng qadimiy Mushaf qo`lyozma nusxalaridan biri hisoblanadi.
Jamg`arma taklifiga binoan muqaddas qo`lyozmani restavrasiya qilish ishlari Luvr muzeyi restavratorlari Aksel Delau va Aureliya Streri tomonidan amalga oshirildi. Mahalliy mutaxassislardan O`zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining boshlig`i Komoliddin Mahkamov, A. Navoiy nomidagi Milliy kutubxona axborot va kutubxona resurslarini restavrasiya qilish bo`limi bosh mutaxassisi Shuhrat Po`latov, O`zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining etakchi mutaxassisi Saidahmat Ikramov restavrasiya ishlarida ishtirok etdi. Shunday qilib, restavrasiya jarayonida Jamg`arma mahalliy mutaxassislarning ushbu sohadagi etakchi xorijiy mutaxassislar bilan o`zaro hamkorligi va tajriba almashishi uchun sharoit yaratdi.
Eksponatlarni restavrasiya qilish jarayoni boshidan oxirigacha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi ko`magida amalga oshirildi.
Umuman olganda, Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi Fransiya mutaxassislari bilan hamkorlikda Luvr muzeyida o`tkaziladigan ko`rgazmaga tayyorgarlik ko`rish uchun 70 ta eksponatni restavrasiya qilish tashabbusi bilan chiqdi.
"Fransiyaga bir yilda 60 mln, Luvrning o`ziga 10 mln dan ko`proq sayyoh tashrif buyuradi. Ko`rgazma orqali O`zbekistonga, uning madaniyati va tarixiga nisbatan qiziqish ortishiga ishonamiz. Bu turizmni rivojlantirishda katta reklama vazifasini o`taydi", — deydi Islom sivilizasiyasi markazi rahbari Shoazim Minovarov.
Joriy yilning 24 noyabrdan 2023 yil 6 martgacha tashkil etiladigan mazkur ko`rgazmada mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid eng sara topilmalar, jami 320 dan ortiq nodir eksponatlar namoyish etiladi. Qadimgi Varaxsha, Afrosiyob devoriy suratlari, VIII-X asrga oid "Katta Langar Qur`oni" kabi noyob osori atiqalar shular jumlasidan.
Ko`rgazma doirasida Fransiya kinokompaniyasi, telekanali va Luvr muzeyi bilan hamkorlikda yaratilgan "O`zbekiston. Markaziy Osiyo bo`ylab zamonlar osha sayohat" nomli yangi hujjatli filmini taqdim etildi.






