Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 6-sonli Maktabgacha ta`lim muassasasida ko`p sonli bolalar ovqat yoki suvdan ommaviy zaharlangani haqida xabar tarqatilgan.
Navoiy viloyat prokuraturasining ma`lum qilishicha, 2022 yil 9 sentyabr kuni soat 17:00da Karmana tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo`limiga 10 nafar voyaga etmaganlar umumiy holsizlik, qusish va ich ketishi kabi klinik belgilar bilan yotqizilgan.
Ushbu belgilar bo`yicha bemorlarga tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo`limi tomonidan “oshqozon-ichak faoliyatini buzilishi” tashhisi qo`yilib, ularning 9 nafariga birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatilgan va ahvoli qoniqarli bo`lganligi sababli, kasalxonadan chiqarilgan. 1 nafar voyaga etmaganga boshqa kasallik alomatlari o`tkir resperator, yuqori nafas yo`llarining shamollashi tashhisi bilan davolanmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Karmana tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgan bo`lib, ekspertiza tekshiruvi uchun tegishli namunalar olinib, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Tergovga qadar tekshirish natijasi bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi, deyiladi xabarda.






