Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarni doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga qo`yish tartibotlarini soddalashtirishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha bilan 2 ta yangi qulaylik joriy etilmoqda:
Hozirda ko`chmas mulk ob`ektiga bo`lgan huquq egasi o`zgarganda, ushbu huquqni kadastr organlarida ro`yxatdan o`tkazish zarur. Shundan so`ngina uyning yangi mulkdorini ichki ishlar organlari axborot tizimida doimiy ro`yxatga qo`yish mumkin.
Taklif etilgan loyihaga ko`ra, mulk ro`yxatdan o`tkazish vaqtida doimiy ro`yxatda turish masalasini ham hal etish imkoniyati yaratilmoqda. Ya`ni, notarial idoralar, davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko`chmas mulk ro`yxatdan o`tkazilayotgan paytda yangi mulkdorni doimiy ro`yxatga qo`yish uchun ham murojaat qilishi mumkin bo`ladi.
Amaldagi tartibga ko`ra, ko`chmas mulk ijarasi hamda tekin foydalanish shartnomasi soliq organlari axborot tizimida elektron shaklda hisobga qo`yiladi. Biroq shartnoma hisobga qo`yilgandan so`ng ijarachining har bir oila a`zosini ushbu turar joyga vaqtincha ro`yxatga qo`yish uchun alohida murojaat qilish zarur.
Bu jarayondagi noqulaylikni bartaraf etish maqsadida loyihada ijara shartnomasini soliq organlarining axborot tizimida hisobga qo`yish bilan bir paytda ijarachi va uning oila a`zolarini vaqtincha ro`yxatga qo`yish uchun ichki ishlar organlariga elektron murojaat etish imkoniyati joriy etilmoqda.
Ushbu takliflar amaliyotga tatbiq etilishi bilan yangi uyga ko`chishda doimiy va vaqtincha ro`yxatdan o`tish uchun alohida murojaat etish zaruriyati bartaraf etilib, xizmat ko`rsatuvchi organlarga qatnash bilan bog`liq vaqt va mablag` xarajatlari oldi olinadi.
Qaror loyihasi 23 sentyabrgacha davom etadi.






