Islohotlarni boshlash va tashabbus bildirish albatta muhim, lekin ularni mantiqiy tashkil qilish, samarali yakuniga etkazish undan ham muhim jarayon. Chunki qancha islohotlar oxiriga etmasdan, yarim yo`lda qolib ketganini ham ko`rganmiz.
Bundan tashqari barcha sohada bir paytda ko`plab islohotlar boshlansa, ularni bir mantiqiy chiziqqa teradigan markaz ham juda muhim. Yo`qsa, hamma o`zicha islohot qilib, o`ng qo`l qilganni chap qo`l bilmasdan xaosga olib kelishi mumkin.
Shunga ko`ra, islohotlarning uzviyligini ta`minlash, yagona yondashuvlarni shakllantirish maqsadida Prezidentning tegishli farmoni bilan Strategik rivojlanish agentligi negizida Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi.
Yangi agentlikning vazifalari nimalardan iborat?
Strategik rivojlanish agentligining asosiy vazifalari quyidagilar:
- mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish takliflarini ishlab chiqish, ularni tashkil etish va nazorat qilish;
- islohotlarni tanqidiy tahlil qilgan holda ularning samaradorligini baholash, rasmiyatchilik, sansalorlik va korrupsiyaviy holatlarga sharoit yaratuvchi tizimli muammolarni aniqlash, bartaraf etish choralarini ko`rish;
- xalqaro moliya institutlari, chet el tashkilotlari va xorijiy mutaxassislarni hamda beg`araz ko`mak mablag`larini jalb qilish ishlarini tizimli tashkil etish;
- davlat ishtirokidagi korxonalarni transformasiya qilish, jumladan hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tuzish, boshqaruv organlari tarkibiga mustaqil a`zolarni kiritishni monitoring qilish.
Agentlik rahbari kim tomonidan tayinlanadi?
Shavkat Mirziyoevning shaxsan raisligida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining kengashi tuzildi. Kengashga bir qator vakolatlar berildi.
Agentlik bosh direktori va uning o`rinbosarlari Prezident tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Yangi agentlik nega kerak?
Agentlik barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yagona g`oya va strategiya ostida birlashtiradi hamda ularni oxirigacha etkazilishini nazorat qiladi. Shu bilan birga, yangi idora xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida jamiyat rivoji va xalq manfaatli uchun zarur bo`lgan islohotlarni ishlab chiqish, mavjudlarini ekspertizadan o`tkazish bilan shug`ullanadi.






