O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Karl Uchinchiga uning volidai muhtaramasi Qirolicha Elizaveta Ikkinchi olamdan o`tgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi xabar berdi.
"Ul zot 70 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishining ramzi bo`lib kelgan, Qirollikning global iqtisodiyot va siyosatda etakchi davlatlardan biriga aylanishiga, uning xalqaro maydondagi obro` va e`tiborini har tomonlama oshirishga beqiyos hissa qo`shgan buyuk davlat arbobi edi", deyiladi davlatimiz rahbarining ta`ziyanomasida.
Prezidentimiz ushbu musibatli damlarda Qirolga, oilasining barcha a`zolariga va butun Buyuk Britaniya xalqiga taskin so`zlarini bildirdi hamda sabr-toqat va bardamlik tiladi.






