Bukingem saroyi qirolicha Elizaveta II vafotidan keyin Charlzning birinchi bayonotini e`lon qildi. Bu haqda "The Times" xabar berdi.
Bayonotda, yangi monarx onasining vafotidan chuqur qayg`uda ekanini bildirgan.
"Sevimli onam, qirolichaning o`limi men uchun eng qayg`uli lahzadir", — degan Charlz.
Uning fikricha, Elizaveta II’ning o`limi butun mamlakat, hamdo`stlik va dunyodagi ko`plab odamlar tomonidan chuqur qayg`u bilan qabul qilinadi. Ushbu motam paytida Charlz va butun qirollik oilasiga tasalli beradigan yagona narsa bu qirolichaning qanchalik hurmatli ekanini anglash hisoblanadi.
Elizaveta II’ning to`ng`ich o`g`li Charlz rasman Buyuk Britaniya qiroli Charlz III deb e`lon qilinadi. Tojni kiyish uchun Charlz bir necha an`anaviy bosqichlardan o`tishi kerak.
Protokolga ko`ra, Vorislik kengashi Londondagi Avliyo Jeyms saroyida yig`ilib, qirolicha Elizaveta II’ning o`limi haqida e`lon qiladi. Uning ortidan avvalgi monarxga maqtovlar va yangisiga sodiqlik aytiladi.
E`lonni bir qancha yuqori martabali shaxslar, jumladan, Bosh vazir, Kenterberi arxiepiskopi va lord kansler imzolaydi. Monarxlarning o`zlari qasamyod qilmaydi, lekin ular bayonot beradi: XVIII asrda rivojlangan an`anaga ko`ra, Charlz III Shotlandiya cherkovini himoya qilish uchun qasamyod qiladi.
Charlz 2,4 milliard aholisi bo`lgan 56 ta davlatdan iborat bo`lgan Millatlar Hamdo`stligining qiroli bo`ladi. Buyuk Britaniyadan tashqari u 14 ta mustaqil davlat qiroli bo`ladi.






