Fuqaro 49 turdagi zargarlik buyumlarini O`zbekistonga olib o`tayotgan bo`lgan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
“Farg`ona” chegara bojxona posti orqali qo`shni davlatdan O`zbekiston Respublikasiga o`tish maqsadida harakatlanayotgan fuqaro N.N. post “kirish” piyodalar zalining “yashil” yo`lagidan harakatlanayotgan vaqtida post xodimlarida shubha uyg`otganligi sababli to`xtatilib, “qizil” yo`lakka yo`naltirildi.
Shundan so`ng, unga tegishli bo`lgan qo`l yuklari bojxona nazoratidan o`tkazildi.
Fuqaroga tegishli bo`lgan sumka ichida zargarlik buyumlariga o`xshash tovarlar borligi aniqlandi. Ko`zdan kechirish davomida mazkur tovarlar bojxona xodimining og`zaki so`rovida ma`lum qilinmagan umumiy qiymati 233 million so`mlik 518 grammga teng bo`lgan 49 turdagi zargarlik buyumlari ekanligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma`lumot uchun, mamlakatimizga zargarlik buyumlarini olib kirishga hukumatimiz tomonidan alohida me`yorlar joriy etilgan bo`lib, unga ko`ra jismoniy shaxslar tomonidan umumiy og`irligi 65 grammdan oshmagan miqdorda bojxona chegaralari orqali o`z ehtiyojlari uchun olib kirishlari mumkinligi qayd etilgan.






