Oliy Majlis quyi palatasining deputati Rasul Kusherbaev ushbu savolga batafsil javob berdi.
" – Vijdon o`zi nima, degan savolga qonuniy ta`rif berilmagani holda jinoyat qonunligimizda ayrim harakatlarda vijdonsizlikka yo`l qo`yilgani uchun javobgarlik belgilangan", – deydi deputat.
Xalq vakili Jinoyat kodeksidagi vijdon so`zi kiritilgan quyidagi moddalarni keltiradi:
Jinoyat kodeksining 172-moddasi: "Shaxsning mulkni qo`riqlash yuzasidan o`z vazifalarini vijdonsiz bajarishi natijasida mol-mulk talon-toroj qilinishi, unga shikast etkazilishi yoki uning nobud qilinishi ko`p miqdorda zarar etkazilishiga sabab bo`lsa, basharti, bu qilmishda mansabdorlik jinoyati alomatlari bo`lmasa - BHMning ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi".
Jinoyat kodeksining 302-moddasi: "Boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning o`z xizmat vazifalariga nisbatan pala-partish yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo`lishi tufayli bu vazifalarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi ko`p miqdorda zarar etkazilishiga yoki boshqa og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa - uch yilgacha xizmat bo`yicha cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".
Jinoyat kodeksining 207-moddasi: "Mansabga sovuqqonlik bilan qarash, ya`ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o`z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo`lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko`p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon etkazilishiga sabab bo`lsa - BHMning yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi", deb belgilangan.
" – Bu o`rinda vijdonsiz harakatda ayblanayotgan shaxs o`zining vijdonan harakat qilganini qanday ko`rsatib, isbotlab bera oladi? Muammo shundaki, birorta shaxs harakatida vijdonsizlik qildimi yo`qmi, vijdoni qanday edi, vijdoni o`zi bormidi, u qanday edi kabi savollarga javoblar qaysi me`yorlar bo`yicha aniqlanishi mavhum. Bu degani har kim bunga o`z dunyoqarashidan kelib yondoshadi va baho beradi", – deydi R.Kusherbaev.






