2 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari butun musulmon olami uchun muqaddas ayyom – Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birini va mamlakatlarimizning birodar xalqlarini samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor qildilar.
Joriy yil mart oyida O`zbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifda samarali natijalarga erishilgani, ular ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko`tarishga xizmat qilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O`zaro delegasiyalar tashriflari faol amalga oshirilmoqda. Yil boshidan ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 20 foizga oshdi. Mamlakatimizda Turkiyaning etakchi kompaniyalari ishtirokida zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish va infratuzilmani modernizasiya qilish bo`yicha yirik investisiya loyihalari davom ettirilmoqda. Ta`lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengaymoqda.
O`zbekiston va Turkiya etakchilari xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar, Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitiga tayyorgarlik ko`rish masalalarini muhokama qildilar.
Prezidentlarning telefon orqali muloqoti har doimgidek ishonch va do`stlik ruhida o`tdi.






