O`zbekiston OTMlariga kirish uchun berilgan imtiyozlar xatlovdan o`tkazilib, qayta ko`rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilingan «Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi prezident qaroridagi dasturda belgilangan.
Hujjatga ko`ra, OTMlarga kirish uchun berilgan imtiyozlarni xatlovdan o`tkazib, ularni qayta ko`rib chiqqan holda yagona hujjatda qat`iy ro`yxatini shakllantirish hamda ushbu imtiyozlarni umumiy kvotaga kiritmaslik to`g`risidagi qoida belgilanadi.
Bunda:
- OTMlarga o`qishga kirishda imtiyozlar berishni to`liq raqamlashtirish hamda elektron platforma orqali amalga oshirilishini yo`lga qo`yish;
- o`qishga kirishda imtiyozlar berishning shaffof tartibini belgilash ko`zda tutilgan.
OTMlarga o`qishga kirish uchun ijodiy imtihonlarni (jismoniy tarbiya, rassomchilik va.h.k.) hamda yakuniy imtihonlarni topshirishda shaffoflikni ta`minlash va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish ishlari amalga oshiriladi.
OTMlardagi talabalar turar joylari (yotoqxona) bilan talabalarni ta`minlash va joylashtirishning elektron tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, bir OTMdan boshqa oliygohga ko`chirish (shu jumladan, chet eldan) jarayonini raqamlashtirish, shuningdek, ikkinchi mutaxassislikka hamda hamkor chet el oliy ta`lim muassasalari bilan kelishilgan holda qo`shma o`quv dasturlariga qabul qilish va talabalar hisobini yuritishda shaffoflikni ta`minlash choralari ko`riladi.
Ushbu hujjat muhokamasi 15 maygacha davom etadi.






