Bu haqida Davlat statistika qo`mitasi ma`lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, O`zbekistonda 2022 yilning yanvar-mart oylarida o`rtacha oylik ish haqi 3,426 mln so`mni tashkil qildi. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 19,1 foizga ko`pdir.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo`yicha korxonalar xodimlarining ish haqi quyidagilardan iborat. Bank, sug`urta, lizing va kredit-vositachilik faoliyati – 8,42 mln so`mni tashkil etadi. Axborot va aloqa – 6,5 million so`mni, tashish va saqlash – 4,55 mln so`m, sanoat – 4,46 mln so`m, qurilish – 4,15 mln so`m, savdo – 3,51 million so`mni, ta`lim – 2,51 mln so`m, sog`liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish xodimlari - 2,32 mln.so`m oylik maosh oladi.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmida Toshkent shahrida (7, 715 mln so`m) va Navoiy (5,768 mln so`m), Toshkent (3,772 mln so`m), Buxoro (3,472 mln so`m) viloyatlarida o`rtacha respublika darajasidan yuqori ko`rsatgich qayd etildi.
Ma`lumot o`rnida aytish mumkin, o`rtacha oylik ish haqi — bu har bir alohida oy uchun qayta hisoblangan 12 oy ichida xodimning ishi uchun olingan barcha mukofotlarning o`rtacha qiymati.
O`rtacha oylik ish haqiga nafaqalar, mukofotlar, rag`batlantirish to`lovlari, kompensasiya to`lovlari va ishlamagan soatlar uchun to`lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i va kasaba uyushma fondiga ajratmalar kiradi.






