AsosiyJamiyat

FVV O`zbekistonning qator hududlariga kelgan sel bo`yicha ma`lumot berdi

'FVV O`zbekistonning qator hududlariga kelgan sel bo`yicha ma`lumot berdi'ning rasmi

Kecha, 20 aprel kuni O`zbekistonning ayrim hududlarida kuchli yog`ingarchilik natijasida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga keldi.

Xususan, Jizzax va Samarqand viloyatida yuzaga kelgan holat bo`yicha xabar bergandik.

O`zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan berilgan ma`lumotga ko`ra, 20 aprel kuni Samarqand va Jizzax viloyatlarida bir soat-u o`ttiz daqiqada yog`ib o`tgan yomg`ir bir oylik yog`ingarchilik miqdorini tashkil etgan.

Ushbu gidrometeorologik hodisalarni bartaraf etishda amaliy yordam so`rab, aholi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzilmalarining “101”, “1050” va boshqa tezkor raqamlariga yomg`ir suvlarini tortish, ob-havo to`g`risida ma`lumotlar olish va boshqa masalalarda Samarqand viloyatidan 222 ta, Jizzax viloyatidan 14 ta, Navoiy viloyatidan 10 ta, Qashqadaryo viloyatidan 1 ta jami 280 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Bu haqda vazirlik ma`lumot berdi.

Qayd etilishicha, barcha murojaatlar bo`yicha, jumladan, sel oqimlari, suv toshqinlari va ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun yong`in-qutqaruv bo`linmalaridan 92 ta maxsus texnika, 20 ta motopompa hamda 758 nafar qutqaruvchi jalb etilgan.  

Amalga oshirilgan ishlarni quyidagicha keltirish mumkinligi aytiladi.

Samarqand viloyati bo`yicha:

Yomg`ir va oqava suvlari Samarqand shahrining 5 ta shox ko`chasidan o`tuvchi avtomobillar qatnov qismida, 54 ta ichki ko`chalar atrofidagi irrigatsiya tarmoqlarida, 20 dan ortiq ko`p qavatli uylarning erto`lalari va atrofida, 84 ta yakka tartibdagi turar joy binolarining erto`lalari va hovlilarida, 5 ta umumta`lim (9, 29, 39, 75-son umumtalim, 1 ta ixtisoslashgan) maktablar va M.Ulug'bek ko`chasidagi “Ko`zmunchoq” nomli MTM hovlilari hamda Narpay ko`chasidagi “Muz saroyi” binosi ostidagi avtoturargohda to`plangan.

Yomg`ir suvlari Samarqand tumanining 4 ta MFYlarida kuzatilib, Bulung`ur tumani “G`ubdin” qishlog`i hududidan o`tuvchi M-39 “Almati-Bishkek-Toshkent-Shaxrisabz” avtomobil yo`lining 1046 km.da o`rnatilgan d=1500 suv o`tkazish quvuriga sig`masdan yo`l qatnov qismining bir tomonida yig`ilib qolgan.

Yuzaga kelgan holat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, yong`in-qutqaruv bo`linmalaridan 144 nafar shaxsiy tarkib, 17 ta yong`in-qutqaruv texnikasi, 11 ta motopompa hamda “Samarqand suv ta`minot” MChJdan 6 ta maxsus texnika, 14 nafar ishchi-xodim jalb qilingan.

Jizzax viloyati bo`yicha:

Forish tumanining tog`li hududlari va adirliklarida kuzatilgan kuchli yog`ingarchilik natijasida sodir bo`lgan sel oqimi “Egizbuloq” MFYda joylashgan 260 ta xo`jalikdan o`tib, ularning 53 tasi to`liq talofat ko`rgan, 44 tasi o`rta va 163 tasi engil darajada talofat ko`rgan. Qutqaruvchilar tomonidan 6 nafar fuqaro sel oqimlari ichidan qutqarilib, Forish tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ushbu hududda shunday sel oqimlari bundan taxminan 80 yillar avval kuzatilgan.

Sel oqimi 15-son umumta`lim maktabi va 9-son maktabgacha ta`lim muassasasi hududiga (binolarning 1-qavatiga) ham kirgan. 1.5 km. ichki yo`llarga sel suvlari toshishi oqibatida transport vositalari harakati vaqtinchalik to`xtatilgan.

Yuzaga kelgan sel oqimi natijasida “Egizbuloq” MFYda joylashgan 25 ta xo`jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqarolar vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko`chirib o`tkazilib, ular uchun tuman hokimligi tomonidan hayotiy zarur mahsulotlar zaxirasi tashkil etildi.

Sodir bo`lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami 520 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari, viloyat va tuman hokimligi mas`ul rahbarlari, FVDTning hududiy va quyi tizimlari xizmatlari ishchi-xizmatchilari hamda 54 ta maxsus texnika jalb etildi.

Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida sel oqimlari o`z yo`lidan oqib o`tgan. Sel hududlardagi aholi yashash xonadonlari va boshqa ijtimoiy soha ob`ektlariga ziyon etkazmagan.

"Hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati nazorati ostida davom ettirilmoqda",- deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar