AsosiySport

«Navruz Cup-2022»: O`zbekiston Qirg`iziston ustidan ishonchli g`alabaga erishdi

'«Navruz Cup-2022»: O`zbekiston Qirg`iziston ustidan ishonchli g`alabaga erishdi'ning rasmi

Bugun, 25 mart kuni Namanganda start olgan «Navruz Cup-2022» ikkinchi yarimfinalida O`zbekiston milliy jamoasi Qirg`izistonga qarshi maydonga tushdi.

Namanganda 15 mingga yaqin tomoshabin qarshisidagi uchrashuvda hisob kutilmaganda mehmonlar tomonidan ochildi. Himoyachilardan qochib ketgan Mirlan Murzaev O`tkir Yusupov darvozasini ishg`ol etdi – 0:1.

Hujumkorlikni to`xtatmagan Srechko Katanes shogirdlari 65-daqiqaga kelib hisobni tenglashtirishdi. Dostonbek Hamdamovning uzatmasini Eldor Shomurodov darvozaga yo`lladi – 1:1. «Roma» forvardi Qirg`izistonga qarshi uchrashuvda milliy jamoa safidagi 25-goliga mualliflik qildi va bu borada Server Jeparov natijasini takrorladi.

Uchrashuvning kulminasion voqealaridan biri Igor Sergeevning o`yin tugashiga o`n daqiqa qolganida maydonga tushgani bo`ldi. Milliy jamoa hujumchisi so`nggi daqiqalar qahramoniga aylandi. Sergeev dastlab 85-daqiqada vakillarimizni hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1.

90+1-daqiqada esa Oybek Bozorovning burchakdan etkazgan to`pini darvozaga kiritib, Namangandagi stadionni ikkinchi bor «larza»ga keltirdi – 3:1. 

Shu tariqa, O`zbekiston turnir finalida 29 mart kuni Ugandaga qarshi to`p suradigan bo`ldi. Qirg`iziston esa Tojikistonga qarshi bahs olib boradi.

    Boshqa yangiliklar