Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Evropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonimni qabul qildi.
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surishda Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining faol ishtirokini davom ettirishga doir amaliy jihatlar muhokama qilindi.
Keyingi yillarda O`zbekiston va ETTB hamkorligida misli ko`rilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 3 milliard evroga etdi, unda xususiy sektorga investisiyalar ulushi 50 foizgacha oshdi.
Ushbu etakchi moliyaviy institutning sarmoyalari hajmi bo`yicha O`zbekiston ketma-ket ikkinchi yil mintaqada peshqadam bo`lib turibdi.
ETTBning Andijon va Urganch shaharlaridagi filiallari faoliyat yuritmoqda.
Prezident Odil Reno-Basso davlatimiz rahbarini Toshkent xalqaro investisiya forumining muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan samimiy qutlab, bank Yangi O`zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishish yo`lida to`liq qo`llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuvda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib olindi.
Davlat korxonalari va baknlarini transformasiya qilish va xususiylashtirish, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish, “yashil” taraqqiyot, energetika va transport sohalaridagi loyihalarini qo`llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishga joriy qilish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligiga oid dasturlarni qo`llab-quvvatlash borasidagi hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Shuningdek, kelgusi yilda O`zbekistonda ETTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig`ilishini o`tkazishga tayyorgarlikning borishi ko`rib chiqildi.






