AsosiyJamiyat

Surxondaryoda issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlandi

'Surxondaryoda issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlandi'ning rasmi

Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida yana bir muhim voqea – Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bag`ishlangan marosim bo`ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoev bo`lajak stansiyaning quvvati va samaradorligi haqida so`zladi.

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 200 million dollar bo`lib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi, yiliga 12 milliard kilovat-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar o`rnatilib, yiliga 1 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Majmua Surxondaryodagi birinchi, oxirgi yillarda yurtimizda barpo etiladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi bo`ladi. Bu hududning cheksiz iqtisodiy salohiyatini ro`yobga chiqarishga katta imkoniyatlar yaratadi.

Masalan, Surxon vohasi neft, gaz, ko`mir, qimmatbaho va rangli metallar, ko`p turdagi bezak toshlar kabi 100 dan ortiq konlarga ega bo`lsa-da, ular etarli darajada o`zlashtirilmagan. Shuning uchun kelgusi besh yilda bu viloyatda 7 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investisiya loyihalarini amalga oshirish ko`zda tutilgan.

Shuningdek, bu stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Surxondaryodagi 500 ming xonadonni ham nurga to`ldiradi. Bundan tashqari, qo`shni Afg`onistonga yiliga kamida 3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo bo`ladi.

Loyiha Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “EDF”, Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bunga ahlohida e`tibor qaratib, sohada xususiy kapital ishtirokiga keng imkoniyatlar ochilayotganini ta`kidladi.

– Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani to`liq transformasiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. So`nggi uch yilda umumiy quvvati 1 ming Megavattdan ziyod bo`lgan 5 ta elektr stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investisiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Hozirgi kunda mamlakatimizda quvvati 9 ming Megavatt bo`lgan yana 19 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod.

Prezidentimiz tadbirda ishtirok etgan xalqaro moliyaviy institutlar va kompaniyalar rahbarlariga minnatdorlik bildirib, O`zbekistonda xorijiy investisiya ishtirokidagi loyihalar har tomonlama qo`llab-quvvatlanishini yana bir bor ta`kidladi.

Tadbirda ishtirok etgan “Siemens Energy” kompaniyasi prezidenti Kristian Brux va “EDF” kompaniyasi ijrochi direktori Beatris Buffon O`zbekistonda energetika tizimi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizasiya qilinayotganini yuksak baholadi. Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi islohotlarni qo`llab-quvvatlab, mazkur loyihani yuqori sifatda amalga oshirishlarini ta`kidlashdi.  

Shundan so`ng, davlatimiz rahbari investorlar bilan birga ramziy tugmani bosib, issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi.

 Mazkur stansiyani 2024 yil oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar