AsosiyJamiyat

​Dunyoda koronavirus pandemiyasi yana kuchaymoqda - JSST

'​Dunyoda koronavirus pandemiyasi yana kuchaymoqda - JSST'ning rasmi

Shu kunlarda qator mamlakatlarda koronavirusga chalinayotgan bemorlar soni barmoq bilan sanarli. Jumladan, O`zbekistonda ham! Ammo dunyo miqyosidagi umumiy statistik tahlillar buning aksini ko`rsatmoqda. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining hisobotiga ko`ra, ketma-ket ikki hafta davomida er yuzida COVID-19 bilan kasallanish holatlari oshib boryapti. Masalan, o`tgan haftada o`sish ko`rsatkichlari 7 foizni tashkil etib, jami 12 milliondan ziyod kishi bu xavfli infeksiyani yuqtirgan.

Shunga qaramay, koronavirusdan o`lim darajasi pasayishda davom etmoqda. Masalan, 14-20 mart sanalarida kasallik tufayli qariyb 33 ming bemor hayotdan ko`z yumgan. Bu 7-13 mart sanalariga qiyoslaganda 23 foiz kam ko`rsatkichdir.

Koronavirusni yuqtirish bilan bog`liq sezilarli o`sish tendensiyasi G`arbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida kuzatilgan — 21 foiz. Xitoy, Yaponiya, Vetnam, Filippin, Avstraliya va Kambodja shular jumlasidan. Evropaning 53 mamlakatida epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolmoqda.

Qolgan mintaqalarda kasallanishlar soni kamaydi. Ayniqsa, Sharqiy O`rta Er dengizi mintaqasi davlatlarida keskin pasayish qayd etilgan — 41 foiz. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida esa bu ko`rsatkich 23, Afrikada 33 hamda Janubiy va Shimoliy Amerikada 17 foizni tashkil etdi.

O`tgan haftada koronavirus tashxisi qo`yilgan eng ko`p bemor Koreya Respublikasida ro`yxatga olingan — 2,8 million nafar. Ikkinchi o`rinni 1,9 millionga yaqin ko`rsatkich bilan Vetnam davlati band etdi.

Germaniya esa uchinchi o`rinda — mamlakatda 1,5 milliondan ziyod odam koronavirusni yuqtirgan. To`rtinchi o`rinni 583 mingga yaqin holat bilan Fransiya, beshinchi pog`onani esa 513 mingdan ortiq bemor bilan Avstraliya egalladi.

Jahonda COVID-19dan o`lim ko`rsatkichlarining katta qismi Rossiyada qayd etildi — qariyb 3,7 ming nafar. Ikkinchi o`rinda — AQSh. Mamlakatda hafta davomida 3,6 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Braziliyada esa bu ko`rsatkich 2,2 ming nafarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, Janubiy Koreyada 2 ming nafardan ortiq hamda Xitoyda 1,9 ming nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi.

 

 

    Boshqa yangiliklar