Fransiya va “Manchester Yunayted” yarim himoyachisi Pol Pogba uyidan zargarlik buyumlari va JCh-2018 oltin medali solingan seyf o`g`irlab ketilgan. Bu haqda futbolchi Le Figaro nashriga bergan intervyusida ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, "Manchester Yunayted" 15 mart kuni “Atletiko”ga qarshi Chempionlar ligasi 1/8 finalining javob o`yini vaqtida o`g`rilar futbolchining uyini tunashgan.
“Uch kishi uyimni talon-taroj qilishdi, seyfdan qimmatbaho narsalarni olib ketishdi. U erda onamning taqinchoqlari, jahon chempionatidagi oltin medalim bor edi... Meni eng qo`rqitgani, voqea sodir bo`lgan vaqtda uyda ikki farzandim enaga bilan bo`lgan edi. Enaga barchasini eshitgan. Ayolim va tartibni saqlovchilarga qo`ng`iroq qilgan. Keyin esa o`zini bolalar bilan xonaga qamab qo`ygan. Ushbu voqeadan so`ng, u bir necha kun shokdan chiqa olmadi. Eng muhimi, bolalarimning holati yaxshi", — dedi Pogba.






