Yo`llar tasodiflarga to`la. Unda kimlardir baxtini topsa, yana kimlar xatolar girdobiga yo`liqadi. Ammo bularning barchasiga insonlarning o`zlari sababchi bo`lishadi.
Joriy yilning 5 mart kuni Samarqand viloyati IIB YHXB 1-otryadining 3 nafar xodimlari Jomboy tumanida xizmat olib borayotgan vaqtida 44 yoshli fuqaro boshqaruvida bo`lgan Lasetti avtomashinasi avvaliga to`xtamasdan harakatni davom ettiradi. Keyin u tegishli tartibda to`xtatilganda haydovchi avtomashinadan tushib qocha boshlaydi. YPX inspektorlari haydovchini ushlab olgan vaqtida haydovchi bor ovozi bilan qarindoshlarini chaqiradi.
Qarindoshlar ham hech narsani surishtirmasdan YPX xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishiga qarshilik ko`rsatib, ularni ura boshlaydi. Natijada inspektorlar turli darajada tan jarohati olishadi.
IIV ShXBB Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlarining sa`y-harakatlari tufayli xodimlarga qarshilik ko`rsatgan va ularga tan jarohati etkazgan shaxs aniqlandi. Inspektorning esa huquqiy talablari ta`minlab berildi.
Mazkur holat yuzasidan Jomboy tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tumanning “Sarichashma” mahallasida yashovchi 34 yoshli fuqaro, ya`ni haydovchining qarindoshi gumonlanuvchi tariqasida ushlangan.
Endi o`zingiz o`ylang, haydovchi spirtli ichimlik iste`mol qilib, transport vositasini boshqarib kelmoqda. To`xtamasdan qochdi va turli bahonalar izlamoqchi bo`ldi. Uni himoya qilishga oila a`zolari, tanish-bilishlar yig`ildi. Haydovchi bir chetda qolib, yig`ilganlar YPX xodimlariga yopishib ketdi. Nega hech kim haydovchiga “nima uchun spirtli ichimlik iste`mol qilib transport vositasi boshqaruviga o`tirding” deya savol bermaydi.
Qonun - hamma uchun barobar. Uni buzganlar albatta jazoga tortiladi. Ogoh bo`ling.






