AsosiyJamiyat

"Shu quvonchli damlarda barchangizga tinchlik-osoyishtalik, sihat-salomatlik, baxtu saodat tilayman"

'"Shu quvonchli damlarda barchangizga tinchlik-osoyishtalik, sihat-salomatlik, baxtu saodat tilayman"'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi yo`lladi.

"Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni, ko`pmillatli butun xalqimizni, Yangi – 2022 yil bilan samimiy muborakbod etaman.  Shu quvonchli damlarda barchangizga tinchlik-osoyishtalik, sihat-salomatlik, baxtu saodat tilayman",-deydi davlat rahbari so`zining avvalida.

"Bugun, Yangi yil ostonasida turib, o`tayotgan yildan rozi bo`lsak, Yaratganga har qancha shukronalar aytsak, arziydi.

"Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" hayotimizda yorqin iz qoldirmoqda. Yil davomida sizlar bilan birga ulkan ishlarni amalga oshirdik.

Pandemiya va global inqirozga qaramasdan, yurtimizda yuqori iqtisodiy o`sish ta`minlandi. Ko`plab korxonalar, klaster va texnoparklar, zamonaviy infratuzilma tarmoqlari barpo etildi.

Yangi-yangi uy-joylar, bog`cha va maktablar, oliygoh va shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirilmoqda.

Tadbirkorlik harakati, jumladan, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi jadal rivojlanmoqda.

Dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, bu yil ham mo`l hosil etishtirdilar.

Shahar va qishloqlarimiz obod bo`lib, Yangi O`zbekistonning betakror qiyofasi shakllanmoqda.

Bilimdon va g`ayratli yoshlarimiz katta-katta yutuqlari bilan xalqimizni yanada quvontirmoqda. Mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora yuksalmoqda. Fursatdan foydalanib, xorijiy hamkorlarimiz, chet davlatlar xalqlarini Yangi yil bilan tabriklab, ularning barchasiga tinchlik va ravnaq tilaymiz",-deydi Prezident.

"Aziz do`stlar,

Yurtimizda keng ko`lamli islohotlarimiz barqaror tus oldi.

Ularni yanada rivojlantirish maqsadida biz  Yangi O`zbekiston Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdik.

Uning asosida "Inson qadri uchun", degan ulug`vor g`oyani amalga oshiramiz.

Biz yangi yilga nom berishda, keng jamoatchilikning fikrlarini o`rgandik. Ana shu takliflardan kelib chiqib, men Yangi – 2022 yilni mamlakatimizda "Inson qadrini ulug`lash va faol mahalla yili" deb e`lon qilishni taklif etaman.

Inson qadrini ulug`lash – yurtimizda yashayotgan  har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta`minlash demakdir.

Bu borada jamiyatimiz asosi bo`lgan mahalla  hal qiluvchi o`rin tutadi.

Mahalla tinch bo`lsa, yurt tinch bo`ladi.

Mahalla obod bo`lsa, mamlakat obod bo`ladi.

Shu bois, bundan buyon har bir mahallada samarali  ish olib borish faoliyatimizning bosh mezoniga aylanadi.

Bebaho boyligimiz bo`lgan tinchlik va barqarorlikni ta`minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

2022 yilda iqtisodiyotimiz tarmoqlari va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o`rinlari yaratish e`tiborimiz markazida bo`ladi.

Aholi daromadlarini ko`paytirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga qaratilgan muhim ishlarni davom ettiramiz.

Ijtimoiy sohalar, ayniqsa, sog`liqni saqlash, ta`lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslar jalb etiladi.

Muhtaram urush va mehnat faxriylarini, aziz ayollarimiz hamda yoshlarimizni qo`llab-quvvatlash, ko`makka muhtoj insonlarga g`amxo`rlik ko`rsatishga alohida e`tibor beramiz.

Yurtimizni yanada obod qilish, zamonaviy  uy-joylar, jumladan, barcha hududlarimizda "Yangi O`zbekiston massivlari"ni qurish asosiy vazifalarimizdan biri bo`ladi.

Ishontirib aytamanki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo`lishi uchun bor kuch  va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz",-deydi O`zbekiston rahbari.

"Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Barchangizni Yangi – 2022 yil bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman!

Yangi yilimiz qutlug` va barakali kelsin!

Keksalarimizning umrini, yoshlarimizning kamolini bersin!

Dilbar ayollarimizga doimo baxtu iqbol yor bo`lsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo`lsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo`lsin",-deydi Mirziyoev tabrikka yakun yasab.

    Boshqa yangiliklar